Sun'iy intellekt kontentiga qarshi kurashuvchi Pangram 9 million dollar investitsiya jalb qildi

Sun'iy intellekt kontentiga qarshi kurashuvchi Pangram 9 million dollar investitsiya jalb qildi

Internet tarmogʻini sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan va sifat koʻrsatkichi past boʻlgan maʼlumotlar qoplab borayotgan bir paytda, Nyu-Yorkda joylashgan Pangram nomli startap inson va sunʼiy intellekt matnlarini bir-biridan farqlashga moʻljallangan yangi vositalarni rivojlantirish uchun 9 million dollar miqdorida sarmoya toʻpladi. ixbt.com va TechCrunch maʼlumotlariga koʻra, mazkur moliyalashtirish raundi Menlo Ventures boshchiligida Haystack, ScOp, Script Capital hamda Cadenza ishtirokida amalga oshirildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Ushbu moliyaviy yutuq startap oʻzining keyingi avlodga mansub Pangram 4 matn detektori va Pangram Image deb nomlangan sunʼiy intellekt tasvirlarini aniqlash modelini taqdim etgan davrga toʻgʻri keldi. Kompaniyaning bildirishicha, yangi matnni aniqlash modeli sunʼiy intellekt yordamida yozilgan yoki inson hamda sunʼiy intellekt aralash holda yaratilgan materiallarni 99 foizdan ortiq aniqlikda topa oladi. Shuningdek, u matnlarni insonga oʻxshatib beruvchi maxsus dasturlarni ham osonlikcha fosh qila oladi.

Sunʼiy intellekt tahdidlari va yangi startapning paydo boʻlish tarixi

Pangram kompaniyasiga bundan ikki yil avval Stanford universiteti bitiruvchilari Maks Spero va Bredli Emi tomonidan asos solingan. ChatGPT ishga tushirilgandan soʻng internet tarmogʻi botlar, sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan va qidiruv tizimlarini aldashga qaratilgan SEO-kontent hamda tarmoqdagi turli dezinformatsiya kampaniyalari bilan toʻlib-toshgan edi. Aynan mana shunday muammolar yosh mutaxassislarni ushbu xizmatni yaratishga undagan.

Maks Speroning soʻzlariga koʻra, oʻquvchi oʻziga taqdim etilayotgan matn sunʼiy intellekt tomonidan yozilganmi yoki yoʻqmi buni bilishi favqulodda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, oʻqilayotgan matn qaysi manbaga tegishli ekanini tushunish odamlarning unga boʻlgan yondashuvini oʻzgartiradi. Agar matn sunʼiy intellekt yordamida yozilgan boʻlsa, u yerda xatoliklar yoki uydirma maʼlumotlar uchrash ehtimoli yuqoriligini yodda tutish talab etiladi.

Texnologiyaning ishlash mexnsizmi va kelajakdagi rejalar

Pangram tizimi oʻz mohiyatiga koʻra oʻn millionlab aniq inson hujjatlari asosida oʻqitilgan yirik mashinali oʻqitish modeli hisoblanadi. Startap har bir hujjat uchun mavzu, uzunlik va ovoz ohangini takrorlaydigan, biroq ilgʻor til modellari tomonidan yozilgan sintetik koʻzgularni yaratgan. Natijada model sunʼiy intellekt yoʻl qoʻyadigan stilistik farqlar hamda qarorlarni oʻrganib, matn sunʼiy intellekt mahsuli ekanini yuqori aniqlikda aniqlashga muvaffaq boʻlmoqda.

Mazkur startap faoliyati faqatgina toʻliq sunʼiy intellekt tomonidan yozilgan matnlarni topish bilan cheklanib qolmaydi. U matn yaratishda qisman yordam olgan, yaʼni oʻzi yozib, soʻngra uni toʻgʻrilash uchun sunʼiy intellektdan foydalangan holatlarni ham farqlay oladi. Mutaxassislar fikricha, sunʼiy intellekt yordamidan foydalanish qabul qilinarli holat, faqatgina muallif bu haqda oʻquvchilarga ochiqchasiga maʼlumot berishi shart.

Hozirgi kunda sunʼiy intellekt vositalaridan keng foydalanish fonida uning salbiy oqibatlari ham yuzaga chiqmoqda. Ayrim siyosatchilar nutqlarida sunʼiy intellekt xatolariga yoʻl qoʻyib kulgiga qolayotgan boʻlsa, baʼzi huquqshunoslar ChatGPT yaratgan soxta iqtiboslar sababli jarima va sanksiyalarga duch kelmoqda. Bu kabi holatlar esa nafaqat shaxslarni, balki turli muassasalarni ham sunʼiy intellekt kontentiga nisbatan qattiqroq qoidalar va cheklovlar joriy etishga majbur qilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar