
Microsoft kompaniyasi Windows 11 va Windows 10 operatsion tizimlari uchun katta yangilanishlarni chiqardi. Fevral oyidagi 2025 yilgi apdeyt tizim xavfsizligini mustahkamlash va foydalanuvchilar qulayligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, muhim xavfsizlik tuzatishlari hamda yangi funksiyalarni o‘z ichiga oladi.
Windows 11 foydalanuvchilari (23H2 va 24H2 versiyalari) uchun ushbu yangilanish bir qator innovatsiyalarni taqdim etdi. Eng diqqatga sazovor yangiliklardan biri – "Explorer" (Fayl menejeri) oynalarini avtomatik tiklash funksiyasi bo‘lib, bu xususiyat kompyuter qayta yoqilganda ochiq turgan fayllarni qayta tiklashga imkon beradi.
Neyroprotsessorli (NPU) qurilmalar uchun Windows Studio Effects boshqaruvi vazifalar paneliga kiritildi. Endi shovqin bostirish va fon effektlarini sozlash birgina bosish orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, ilovalar oldindan ko‘rish animatsiyasi yaxshilanib, interfeys yanada silliq ishlaydi.
Geymerlar uchun esa avto-HDR optimallashtirildi – ranglarning haddan tashqari to‘yinganligi muammosi bartaraf qilinib, vizual sifat yaxshilandi. Bundan tashqari, o‘yin kontrollerlari ulanganida kompyuter sekin o‘chishi va USB kameralar noto‘g‘ri aniqlanishi kabi xatoliklar tuzatildi.
Windows 10 foydalanuvchilari (19044.5487 va 19045.5487) uchun asosiy yangilik – yangi Outlook ilovasining avtomatik integratsiyasi bo‘ldi. U tizim menyusiga qo‘shiladi, lekin mavjud pochta sozlamalariga ta’sir qilmaydi. Shuningdek, yuqori resurs talab qiluvchi ilovalarda nosozliklarga sabab bo‘lgan virtual xotira oqish muammosi bartaraf etildi.
Har ikkala tizim uchun yangilanish jami 55 ta zaiflikni bartaraf etadi, jumladan:
CVE-2025-21391 – Windows xotirasidagi fayllarni ruxsatsiz o‘chirish xavfi;
CVE-2025-21377 – NTLM xeshlarining sizib chiqishi va akkaunt xavfsizligiga tahdid;
CVE-2025-21194 – UEFI himoyasini aylanib o‘tishga imkon beruvchi xatolik.
Mutaxassislar ushbu yangilanishni imkon qadar tezroq o‘rnatishni tavsiya etmoqda. Ayrim funksiyalar, jumladan, "Explorer" oynalarini tiklash, bosqichma-bosqich faollashtiriladi va bir necha hafta ichida barcha foydalanuvchilarga yetib borishi kutilmoqda. Ushbu apdeytlar Microsoft'ning Windows 10'ni hamon qo‘llab-quvvatlayotganini tasdiqlaydi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar