
Agar Donald Tramp joriy etgan yangi bojlar ortidan Apple o‘z iPhone smartfonlarini AQSHda ishlab chiqara boshlasa, uning narxi uch baravar oshishi mumkin. Bu haqda CNN manbasi xabar berdi.
3500 dollarlik iPhone?!
Wedbush Securities kompaniyasi tahlilchisi Den Ayvzning ta’kidlashicha, agar ishlab chiqarish Osiyodan AQSHga ko‘chirilsa, iPhone narxi taxminan 3500 dollargacha yetib borishi mumkin.
“Telefonlarni G‘arbiy Virjiniya yoki Nyu Jersida ishlab chiqarasiz, demak, bu 3500 dollarlik iPhone bo‘ladi”, — deydi mutaxassis.
Ayvzning aytishicha, hozirgi kunda Osiyoda shakllangan murakkab va samarali ta’minot tizimini AQSHda qayta barpo etish uchun kamida 30 milliard dollar sarflanadi va bu jarayon uch yil vaqt talab etadi.
Apple'ning milliardlik xavotiri
Apple kompaniyasi smartfon qismlarining asosiy qismi — mikrosxema, displey va boshqa modullarni Tayvan, Janubiy Koreya va Xitoy kabi mamlakatlarda ishlab chiqaradi. AQSHda asosan yakka yig‘ish jarayoni amalga oshiriladi.
Yanvar oyida Apple aksiyalari 25 foizga arzonlashgan. Bunga sabab — Xitoy va Tayvan bilan bog‘liq ta’minot zanjiriga AQSHning boj siyosati salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin degan xavotirlar bo‘lgan.
Apple AQSHga 500 milliard dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda
Fevralda Apple ma’lum qildi: kompaniya Xitoydan tashqarida ishlab chiqarishni kengaytirish va Tramp boshchiligidagi bojlardan qochish uchun kelasi 4 yilda AQSHda 500 milliard dollarlik sarmoya amalga oshiradi.
iPhone narxi bojsiz ham oshishi mumkin
Rosenblatt Securities tahlilchilari fikricha, Apple boj xarajatlarini to‘liq iste’molchi zimmasiga yuklaydigan bo‘lsa, iPhone narxi 43 foizga oshishi mumkin.
Counterpoint Research kompaniyasi vitse-prezidenti Nil Shoh esa iPhone narxi taxminan 30 foizga qimmatlashishi mumkinligini aytdi. Bu ko‘p jihatdan smartfonlarning qayerda ishlab chiqarilishiga bog‘liq bo‘ladi.
Yaqin yillarda iPhone sotib olishni rejalashtirayotganlar ehtiyot bo‘lishlari mumkin — narxlar ortida nafaqat texnologiya, balki siyosiy va iqtisodiy qarama-qarshiliklar ham turganini unutmaslik kerak. Agar Apple ishlab chiqarishni AQSHga ko‘chirsa, afsonaviy telefonlar "afsonaviy narx"da sotilishi mumkin! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!