Janubiy Koreyada yuzni tanish texnologiyasi endi shunchaki shaxsni aniqlash uchun emas, balki to‘lov sohasida ham faol qo‘llanilmoqda. Ilgarigi yillarda bu texnologiya asosan smartfonlarni ochish yoki aeroportda identifikatsiya jarayonlarida ishlatilgan bo‘lsa, endi moliyaviy xizmatlar sohasi ham undan keng foydalanishni boshladi.
“Yuz bilan to‘lov” yoki “pay-by-face” deb nomlangan xizmat turi bank va fintex kompaniyalari orasida yangi raqobatni boshlab berdi. Bu tizim orqali foydalanuvchi karta yoki telefondan foydalanmasdan, faqat yuz orqali to‘lovni amalga oshirishi mumkin.
Shinhan Card kompaniyasi ushbu yo‘nalishda 2019 yilda birinchi bo‘lib pilot loyihani boshlagan. U o‘z qarorgohi oshxonasi va kafelarida ushbu xizmatni joriy etib, keyinchalik Hanyang universiteti kampusidagi do‘konlar hamda Homeplus supermarketlariga kengaytirgan. Biroq o‘sha vaqtda foydalanuvchilar o‘z yuzlarini shaxsan bankka borib ro‘yxatdan o‘tkazishlari kerak bo‘lgani sababli, bu jarayon ancha noqulay bo‘lgan.
Bundan tashqari, yuzni tanish texnologiyasiga nisbatan jamoatchilikda shubhalar yuqori darajada edi. Hozirda esa ushbu xizmatlar faqat kompaniya qarorgohi va ayrim do‘konlarda cheklangan holda faoliyat yuritmoqda.
Vaziyat 2023 yilda keskin o‘zgardi. Katta fintex kompaniyalari — Naver Pay va Toss ushbu bozorga kirib kelishdi. Ular onlayn to‘lov sohasidagi ustunliklarini oflayn savdo nuqtalariga ham kengaytirishni maqsad qilgan.
Bu kompaniyalarning asosiy auditoriyasi — texnologiyaga moyil bo‘lgan yoshlar hisoblanadi. Yuzni ro‘yxatdan o‘tkazish va rozilik berish jarayoni to‘liq mobil ilovada amalga oshiriladi. Bu esa foydalanuvchi uchun ancha qulay va tezkor usul hisoblanadi.
2023 yil mart oyida Naver Pay universitet shaharchalarida tizimni ishga tushirdi. Kompaniya 2025 yil oxirigacha o‘zining maxsus to‘lov terminalini ham ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu esa xizmatning yanada ommalashishiga turtki beradi.
Naver Financial kompaniyasining texnologik direktori Li Syon-be xizmat haqida shunday dedi: “Bu sun’iy intellekt asosida yaratilgan tizim bo‘lib, undan foydalangan kishi bu qulaylikdan voz kecholmaydi. Shu bilan birga, tizimda firibgarlikdan himoya qilish uchun zamonaviy xavfsizlik texnologiyalari joriy etilgan”.
Mutasaddilarga ko‘ra, yaqin yillarda yuz bilan to‘lov texnologiyasi nafaqat supermarketlarda, balki jamoat transporti, tibbiyot muassasalari va boshqa sohalarda ham keng joriy etilishi mumkin. Ushbu yangi to‘lov uslubi Koreya moliyaviy tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!