370 mingdan ortiq Grok AI platformasidagi suhbatlar Grok saytida e’lon qilindi va qidiruv tizimlari tomonidan indekslandi, deb 9to5mac xabar berdi.
xAI kompaniyasi faqat suhbatlarnigina emas, balki foydalanuvchilar yuklagan rasm, jadvallar va boshqa hujjatlarni ham ochiq e’lon qilgan.
Grok’dagi "ulashish" tugmasi orqali yaratilgan havolalar qidiruv tizimlariga ochiq qilib qo‘yilgan. Bu esa havola yuborilgan odamlargina emas, balki butun internet foydalanuvchilari ko‘ra olishini anglatadi.
Forbes’ning yozishicha, foydalanuvchilarga suhbatlar va yuklangan hujjatlar ommaga ochiq bo‘lishi haqida hech qanday ogohlantirish berilmagan.
Grok’da “ulashish” tugmasini bosish orqali istalgan suhbat saytga ogohlantirishsiz joylashtiriladi.
Google’da Grok suhbatlarini qidirganda 370 mingdan ortiq foydalanuvchi va Grok o‘rtasidagi suhbatlar chiqayotgani aniqlangan. Ularda oddiy tvit yozishdan tortib, terror hujumlarini tasvirlash va kripto hamyonni buzishgacha bo‘lgan mavzular bor.
Forbes tahlil qilgan suhbatlar orasida tibbiyot, psixologiyaga oid shaxsiy savollar, ism, parol va boshqa maxfiy ma’lumotlar ham ochiqlangani qayd etilgan. Yuklangan fayllar va hujjatlar ham ommaga taqdim etilgan.
Ayrim suhbatlar Grok o‘zi belgilagan siyosatni ham buzgani aniqlangan. U foydalanuvchilarga noqonuniy dori tayyorlash, zararli dastur yaratish, o‘z joniga qasd qilish va hattoki Ilon Maskni o‘ldirish rejasi haqida ham batafsil yo‘riqnoma bergan.
Bunday voqea ilk bor sodir bo‘layotgani yo‘q. Ilgari ChatGPT’ning ham ba’zi suhbatlari Google’da chiqqan, biroq u holatda foydalanuvchi bunga rozilik bildirgan edi.
Ammo bu holat ayniqsa kulgilidir. Chunki Ilon Mask o‘tgan yili Apple va OpenAI hamkorligi haqida asossiz maxfiylik da’volar qilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!