Tesla kompaniyasi asoschisi Ilon Mask kompaniyaning yangi avtonom roboti – Optimusning jang mashg‘ulotidagi videotasvirini ijtimoiy tarmoqdagi X sahifasida e’lon qildi.
Videoda robot inson bilan kung-fu mashg‘ulotida ishtirok etib, harakatlarga sinxron tarzda javob qaytarayotgani, zarba va himoya bloklarini muvofiqlashtirilgan uslubda, raqqoslikqa o‘xshash harakatlar bilan bajarayotgani ko‘rinib turibdi.
Maskning ta’kidlashicha, robot o‘z ichiga o‘rnatilgan sun’iy intellekt orqali mustaqil harakat qiladi va inson boshqaruvisiz ishlaydi. Shuningdek, u tezligi va harakatlarining silliqligi sezilarli darajada yaxshilanganini ma’lum qildi.
Tesla kompaniyasining sun’iy intellekt bo‘yicha vitse-prezidenti Ashok Ellusvami kompaniya Optimus robotlari va avtopilot tizimli elektromobillar uchun yagona AI platformasini yaratish ustida faol ishlayotganini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Tesla Optimus ilk bor 2021-yil 19-avgustda taqdim etilgan va 2022-yilda ishchi prototipi namoyish qilingan. Qurilmani 2026-yilda omma uchun sotuvga chiqarish rejalashtirilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!