Xiaomi odamlarni taniydigan aqlli konditsionerni taqdim etdi

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi Mijia brendi ostida yangi aqlli konditsionerni taqdim etdi. Mijia Human-Sensing Wind 1.5HP AC deb nomlangan ushbu qurilma xonadagi odamlarni aniqlash va shunga mos ravishda haroratni avtomatik sozlash xususiyatiga ega. Bu haqda rozetked.me xabar beradi.

Yangi konditsioner nafaqat haroratni, balki havo oqimini ham odamlarning joylashuvi va harakatiga qarab o'zgartira oladi. Masalan, qurilmada havo oqimini to'g'ridan to'g'ri odamga yo'naltirish yoki aksincha, yuzga puflamaslik uchun havo yo'nalishini burish rejimlari mavjud.
Agar xonada hech kim bo'lmasa, tizim avtomatik ravishda quvvatni tejash rejimiga o'tadi. Bu esa elektr energiyasini sezilarli darajada iqtisod qilish imkonini beradi.

Konditsionerning quvvati 1,5 ot kuchiga teng bo'lib, ishlash jarayonidagi shovqin darajasi 16 detsibeldan oshmaydi. Qurilmani ovozli buyruqlar orqali yoki Mi Home ilovasi yordamida boshqarish mumkin. Shuningdek, u HyperOS ekotizimiga to'liq integratsiya qilingan.
Yangi aqlli konditsionerning rasmiy narxi 3899 yuanni tashkil etadi. Biroq hozirda Xiaomi Mall internet do'konida xaridorlar uni 2399 yuan evaziga xarid qilishlari mumkin. Eslatib o'tamiz, kompaniya o'tgan yilning bahorida ham shunga o'xshash aqlli konditsionerni, yaqinda esa aqlli ventilyatorni namoyish etgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!