Microsoft 2032-yilgacha OpenAI modellaridan bepul foydalanadi

Microsoft bosh direktori Satya Nadella OpenAI bilan yangilangan hamkorlik kompaniya moliyaviy holatiga qanday ta'sir qilishini tushuntirdi. Uning so'zlariga ko'ra, yangi shartnoma barcha uchun manfaatli hisoblanadi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Nadella Microsoft endi OpenAI intellektual mulkidan, jumladan, uning modellari va mahsulotlaridan bepul foydalanish huquqini saqlab qolganini ta'kidladi. Kompaniya 2032-yilgacha eng ilg'or sun'iy intellekt texnologiyalaridan to'liq foydalanishni rejalashtirmoqda.
Yangi kelishuvga asosan, Microsoft endi OpenAI texnologiyalariga mutlaq egalik qilmaydi. OpenAI o'zining sun'iy intellekt mahsulotlarini Amazon bulutli xizmatlari bilan hamkorlikda taqdim etishini e'lon qildi.
Bunga qaramay, Nadella xavotirga o'rin yo'qligini bildirdi. Microsoft kompaniyasining sun'iy intellekt biznesi yillik daromadi 37 milliard dollardan oshdi va o'tgan yilga nisbatan 123 foizga o'sdi.
Shuningdek, OpenAI Microsoft bulutli xizmatlarini sotib olish uchun 250 milliard dollardan ortiq mablag' sarflash majburiyatini olgan. Microsoft esa OpenAI kompaniyasining 27 foiz ulushiga egalik qiladi.
Nadella korxonalar ko'pincha bir nechta sun'iy intellekt modellaridan foydalanishni xohlashini qo'shimcha qildi. Hozirda 10 mingdan ortiq mijozlar OpenAI, Anthropic va boshqa ochiq manbali modellarni birgalikda ishlatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!