Tianzhou-9 yuk kemasi orbital stansiyadan ajralib chiqdi

Xitoyning Tianzhou-9 yuk kemasi mamlakat orbital stansiyasidan muvaffaqiyatli ajralib chiqdi. Bu haqda Xitoy Markaziy televideniyesi xabar berdi. Yaqin vaqt ichida kema boshqariladigan tartibda orbitadan qaytish jarayonini amalga oshiradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Qaytish jarayonida konstruksiyaning asosiy qismi atmosferaning zich qatlamlarida yonib ketadi. Qolgan parchalar esa oldindan belgilangan xavfsiz dengiz hududiga yo‘naltiriladi. Bu kabi jarayon yuk kemalari o‘z missiyasini yakunlagandan so‘ng amalga oshiriladigan standart tartib hisoblanadi.
Tianzhou-9 2025-yil 15-iyulda uchirilgan bo‘lib, stansiyaga ekipaj uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat, jihozlar va boshqa yuklarni yetkazib bergan edi. Xitoyning orbital stansiyasi taxminan 400 km balandlikda joylashgan.
Mazkur stansiya 2022-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda va u 3 nafar kosmonavt uchun mo‘ljallangan (rotatsiya davrida 6 nafargacha). Stansiya ilmiy va xalqaro loyihalarni amalga oshirish uchun bosqichma-bosqich kengaytirilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!