Uber hamkori Avride kompaniyasining avtonom avtomobillari tekshirilmoqda

AQSH Milliy yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi (NHTSA) Uber bilan hamkorlik qiluvchi robotaksi ishlab chiqaruvchi Avride kompaniyasiga nisbatan tergov boshladi. Bunga kompaniya avtomobillari ishtirokida sodir boʻlgan 16 ta yoʻl-transport hodisasi va bir kishining yengil tan jarohati olgani sabab boʻlgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Tergov maʼlumotlariga koʻra, avariyalar Avride tizimining qator kamchiliklari bilan bogʻliq. Xususan, avtomobillar yoʻlakni oʻzgartirish, bir yoʻlakdagi boshqa transport vositalariga munosabat bildirish hamda yoʻlda toʻxtab turgan obyektlarni aniqlashda qiynalgan. Qizigʻi shundaki, barcha hodisalar vaqtida haydovchi oʻrindigʻida xavfsizlik nazoratchisi boʻlgan, biroq ular nima uchun aralashmagani hozircha nomaʼlum.
Avride kompaniyasi barcha hodisalar haqida NHTSAʼga oʻz vaqtida xabar berganini taʼkidladi. Kompaniya vakillarining soʻzlariga koʻra, 2025-yil dekabridan 2026-yil martigacha boʻlgan davrda yuz bergan har bir holat tahlil qilinib, tizimda texnik va operatsion yaxshilanishlar amalga oshirilgan. Shuningdek, kompaniya bosib oʻtilgan masofaga nisbatan avariyalar soni kamayib borayotganini qayd etdi.
Dallas va Ostin shaharlarida kuzatilgan ushbu hodisalar avtonom texnologiyalarning xavfsizligi borasida jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda. Hozirda Waymo kompaniyasi ham shunga oʻxshash tekshiruvlar ostida qolgan. Uber esa mazkur vaziyat yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!