Huquq-tartibot idoralari kiberjinoyatchilar foydalangan VPN xizmatini yopdi

Xalqaro huquq-tartibot idoralari koalitsiyasi kiberjinoyatchilar orasida ommalashgan va ularning noqonuniy faoliyatini yashirishga xizmat qilgan First VPN xizmatini tugatganini hamda uning administratorini hibsga olganini eʼlon qildi. FBI maʼlumotlariga koʻra, ushbu servis shunchalik mashhur boʻlganki, kamida 25 ta ransomware (tovlamachi dastur) guruhlari undan oʻz izlarini yashirish uchun foydalangan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kiberjinoyatchilar First VPN orqali nafaqat anonimlikni taʼminlashgan, balki internetni skanerlash, botnetlarni boshqarish, DDoS hujumlarini uyushtirish va turli firibgarlik sxemalarini amalga oshirishda ham ushbu infratuzilmaga tayanishgan. Xizmat dunyoning 27 ta davlatida oʻz serverlariga ega boʻlgan va jinoyatchilar uchun maxsus anonim toʻlov tizimlarini taklif qilgan.
Europol bayonotida aytilishicha, First VPN kiberjinoyat ekotizimiga chuqur singib ketgan edi. Soʻnggi yillarda Europol tomonidan qoʻllab-quvvatlangan deyarli barcha yirik kiberjinoyat tergovlarida ushbu servisning nomi qayd etilgan. Xizmat asosan rusiyzabon forumlarda reklama qilinib, foydalanuvchilarga hech qanday log-fayllar saqlanmasligi va shaxsni aniqlash imkonsiz ekanligi vaʼda qilingan.
Biroq, tergovchilar servisning foydalanuvchilar maʼlumotlar bazasini qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlishdi. Natijada kiberjinoyat olamiga aloqador minglab foydalanuvchilar fosh etildi. 2021-yil dekabr oyida boshlangan keng koʻlamli operatsiya natijasida oʻnlab serverlar musodara qilindi va butun infratuzilma ishdan chiqarildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!