Elektronlar hayotning “oʻng qoʻl” sirini ochdi: Xirallik sababi topildi

Quddusdagi Ibroniy universiteti professori Yossi Paltiel va Veytsman instituti professori Ron Naaman boshchiligidagi xalqaro olimlar jamoasi tirik organizmlar nega molekulalarning ikki xil koʻzgusimon shaklidan faqat bittasini tanlashini tushuntirib beruvchi fizik mexanizmni kashf etishdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hayot uchun muhim boʻlgan aminokislotalar va qandlar kabi koʻplab molekulalar enantiomerlar deb ataladigan ikki xil koʻzgusimon shaklda mavjud. Kimyoviy jihatdan bir xil boʻlishiga qaramay, biologik tizimlar aminokislotalarning deyarli faqat bir turini, qandlarning esa unga qarama-qarshi xiralligini ishlatadi. Gomoxirallik deb ataladigan ushbu hodisa ilm-fanning eng katta jumboqlaridan biri boʻlib kelayotgan edi.
Tadqiqot mualliflarining taʼkidlashicha, sabab molekulalarning oʻzida emas, balki ular orqali elektronlarning oʻtish usulida boʻlishi mumkin. Elektron xiral molekula boʻylab harakatlanganda, uning spini (ichki kvant momenti) molekula tuzilishi bilan koʻzgusimon shakllar uchun turlicha oʻzaro taʼsirga kirishadi. Bu esa elektron transporti va magnit muhit bilan oʻzaro aloqa kabi dinamik jarayonlarning ikki enantiomer uchun turlicha kechishiga olib keladi.
Nazariy hisob-kitoblar va tajribalar shuni koʻrsatdiki, spinga bogʻliq effektlar koʻzgusimon molekulalarning xatti-harakatlarida kichik, ammo oʻlchash mumkin boʻlgan farqlarni keltirib chiqaradi. Bu farqlar faqat dinamikada namoyon boʻladi va vaqt oʻtishi bilan toʻplanib, biologik tizimlarda bir shaklning ustunlik qilishiga sabab boʻladi.
Ushbu kashfiyot hayotning kelib chiqishini oʻrganishda yangi yoʻnalish ochadi. Tadqiqot faqat kimyoviy emas, balki fizik jarayonlar ham xirallikni tanlashda hal qiluvchi rol oʻynaganini isbotlamoqda. Atrof-muhit bilan oʻzaro taʼsirda bir shaklning hatto minimal ustunligi ham global miqyosda ushbu shaklning hukmronligiga olib kelishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!