TikTok asoschisi oʻz protsessorlarini ishlab chiqarishni boshladi

TikTok ijtimoiy tarmogʻining bosh kompaniyasi hisoblangan ByteDance oʻzining sunʼiy intellekt infratuzilmasini qoʻllab-quvvatlash uchun shaxsiy markaziy protsessorlarini (CPU) ishlab chiqishga kirishdi. Reuters xabariga koʻra, kompaniya shu yoʻl bilan hisoblash quvvatlarini kengaytirishga toʻsqinlik qilayotgan qimmat va tanqis chiplarga qaramlikni kamaytirishni koʻzlamoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi protsessorlar ByteDance kompaniyasining shaxsiy serverlari va maʼlumotlar markazlarida qoʻllanilishi rejalashtirilgan. Bu ichki vazifalarni bajarish va kelajakda keng koʻlamli agentli sunʼiy intellekt mahsulotlarini ishga tushirish uchun zarurdir. Hozirda loyiha dastlabki bosqichda boʻlib, kompaniya loyihalash va ishlab chiqarish quvvatlarini topish uchun tashqi hamkorlarni jalb qilgan.
Manbalarning taʼkidlashicha, ByteDance ayni damda ikkita arxitektura yoʻnalishini — Arm va RISC-V variantlarini koʻrib chiqmoqda, biroq yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. Kompaniya ushbu qadam orqali Intel va AMD mahsulotlarining narxi oshishi hamda CPU tanqisligi fonida xarajatlarni optimallashtirishni maqsad qilgan.
TikTok egalarining ushbu qarori sohadagi umumiy trendni aks ettiradi. Bugungi kunda yirik texnologik gigantlar apparat taʼminotini aniq yuklamalarga moslashtirish va tashqi yetkazib beruvchilarga bogʻlanib qolmaslik uchun oʻz chiplarini yaratishga tobora koʻproq eʼtibor qaratmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!