Dasturchilar sunʼiy intellektsiz ishlashdan bosh tortmoqda

2026-yilga kelib, dasturchilarning kundalik faoliyatini sunʼiy intellekt (AI) vositalarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Tadqiqotchilarning aniqlashicha, mutaxassislar ushbu texnologiyalarga shunchalik bogʻlanib qolganki, ularni bu vositalardan ayirish deyarli imkonsiz. Biroq, AI kod yozish tezligini oshirayotgan boʻlsa-da, bu har doim ham sifatning yaxshilanishini anglatmaydi, deb ogohlantirmoqda ekspertlar. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Fevral oyida nufuzli METR laboratoriyasi kutilmagan hisobotni eʼlon qildi: aksariyat dasturchilar hatto kichik vazifalarni ham AI yordamisiz bajarishni istashmayapti. Laboratoriya 2025-yilda oʻtkazilgan tadqiqotni yangilamoqchi edi, biroq dasturchilar tajribada ishtirok etishdan bosh tortishdi. Buning sababi esa oddiy — ular hatto qisqa muddatli sinov uchun ham sunʼiy intellektsiz ishlashga rozi boʻlishmagan.
Qizigʻi shundaki, avvalgi tadqiqotlar AI aslida ish jarayonini sekinlashtirishi mumkinligini koʻrsatgan edi. Dasturchilar kodni tezroq yaratishsa-da, keyinchalik undagi xatolarni topish, tuzatish va AIni yoʻnaltirish uchun koʻproq vaqt sarflashgan. Shunga qaramay, soʻrovnomalarda texnik xodimlar sunʼiy intellekt ularning samaradorligini ikki baravar oshirganini taʼkidlashmoqda.
Hozirda sohada "tokenmaxxing" — yaʼni foydalanilgan tokenlar miqdorini ish unumdorligi oʻlchovi sifatida koʻrish trendga aylangan. Ammo mutaxassislar bu yondashuv xavfli ekanidan ogohlantirmoqda. AIga haddan tashqari ishonib qolish va faqat miqdorga eʼtibor qaratish kelajakda dasturiy taʼminot sifatiga jiddiy zarar yetkazishi va kompaniyalar uchun ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!