Ramp kompaniyasi AI yechimlari ortidan 44 milliard dollarga baholandi

Korporativ xarajatlarni boshqarish platformasi Ramp payshanba kuni 750 million dollar investitsiya jalb qilganini va uning bozor qiymati 44 milliard dollarga yetganini eʻlon qildi. Investorlarning sunʻiy intellekt (AI) texnologiyalariga asoslangan fintex loyihalariga boʻlgan qiziqishi ortishi natijasida kompaniya qiymati bir yil ichida deyarli uch baravarga oshdi. Moliyalashtirish bosqichi ICONIQ, GIC va Ontario Teachers’ Pension Plan boshchiligida oʻtkazildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Hozirda Ramp kompaniyasining yillik daromadi 1,5 milliard dollardan oshgan boʻlib, u ijobiy erkin pul oqimiga (free cash flow) erishganini maʻlum qildi. Kompaniya mijozlari soni 70 mingdan oshib ketdi, ular orasida Visa, Uber, Shopify, Anduril va Figma kabi yirik brendlar bor. Dastlab startaplar uchun xarajatlarni boshqarish vositasi sifatida boshlangan loyiha endilikda toʻlovlar, firibgarlikni aniqlash, xaridlar va buxgalteriya hisobi kabi keng koʻlamli xizmatlarni taklif etmoqda.
Ramp oʻz mahsulotlariga AI agentlarini joriy etish orqali investorlar eʻtiborini tortdi. Xususan, kompaniya xaridlar, byudjetlashtirish va buxgalteriya jarayonlari uchun maxsus AI yordamchilarini yaratdi. Shuningdek, AI agentlari mustaqil ravishda toʻlovlarni amalga oshirishi uchun maxsus korporativ kredit kartalari ham ishga tushirildi. Bu esa korxonalarga turli provayderlar boʻylab AI tokenlaridan foydalanishni nazorat qilish imkonini beradi.
Kompaniya bosh direktori Eric Glyman Ramp kelajakda ommaviy aksiyadorlik jamiyatiga aylanishni (IPO) rejalashtirayotganini, biroq aniq muddatlar hali belgilanmaganini taʻkidladi. Bugungi kunga qadar startap jami 3 milliard dollardan ortiq sarmoya toʻplashga muvaffaq boʻldi. Yangi mablagʻlar AI infratuzilmasini yanada rivojlantirish va kompaniyalarga AI xarajatlarini optimallashtirishda yordam beradigan yangi vositalarni yaratishga yoʻnaltiriladi.





























Izohlar 0
…