Italiya terma jamoasi Pep Guardiola bilan muzokaralar oʻtkazdi: Paolo Maldini Barselonada

Italiya futbol federatsiyasi milliy terma jamoaning boʻsh qolgan bosh murabbiylik kursisini toʻldirish maqsadida olamshumul loyihaga qoʻl urdi. Manchester Siti bilan xayrlashgan Pep Guardiola ayni damda "Skuadra Adzurra"ning asosiy nishoniga aylangan. Ushbu transferni amalga oshirish uchun Italiya futbolining afsonaviy vakillari ishga tushgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Football Italia nashri xabariga koʻra, terma jamoaning texnik direktori Paolo Maldini va maslahatchi Leonardo oʻtgan dam olish kunlarida Barselona shahriga tashrif buyurgan. Ular u yerda Pep Guardiola bilan yuzma-yuz uchrashib, unga Italiya terma jamoasini boshqarish taklifini berishgan. Ijtimoiy tarmoqlarda Maldini va Leonardoning samolyotda Italiyaga qaytayotgani aks etgan suratlar tarqalishi ushbu mish-mishlarni yanada jonlantirdi.
"Moʻjiza kerak boʻladi"
Garchi muzokaralar yuqori darajada oʻtgan boʻlsa-da, mutaxassisni koʻndirish deyarli imkonsiz vazifa boʻlib qolmoqda. Gap shundaki, 10 yil davomida Manchester Siti klubida ishlagan Guardiola futboldan tanaffus olishni va vaqtini oilasiga bagʻishlashni rejalashtirgan. U bir necha bor yaqin vaqt ichida yangi loyihaga qoʻshilmasligini taʼkidlagan edi.Taniqli insayder Fabrizio Romano ham ushbu vaziyatga oʻz munosabatini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, Italiya federatsiyasi Guardiola fikrini oʻzgartirishi uchun haqiqiy moʻjiza koʻrsatishi kerak boʻladi. Romanoning taʼkidlashicha, murabbiy hozircha dam olish qarorida qatʼiy turibdi va har qanday jozibali takliflarni rad etishga tayyor.
Italiya tomoni Pep Guardiola uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga vaʼda bergan boʻlsa-da, murabbiyning tanaffus olish istagi asosiy toʻsiq boʻlib qolmoqda. Goal.com nashrining maʼlum qilishicha, federatsiya rahbariyati bu borada yakuniy javobni kutmoqda, biroq imkoniyatlar juda past ekanini yaxshi anglab turibdi.
Zaxira variantlari: Pirlo va Mancini
Agar Guardiola loyihasi muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Italiya terma jamoasi zaxira variantlariga oʻtadi. Hozirda nomzodlar roʻyxatida ikki nafar taniqli mutaxassis — Andrea Pirlo va Roberto Mancini bor. Har ikki murabbiy ham Italiya futboli muhitini yaxshi biladi va terma jamoa bilan ishlash tajribasiga ega.Roberto Mancini Italiya bilan Yevro-2020 gʻolibligini qoʻlga kiritgan boʻlsa, Andrea Pirlo oʻzining yuksak obroʻ-eʼtibori bilan jamoani qayta shakllantirishi mumkin deb hisoblanmoqda. Shunga qaramay, federatsiya birinchi navbatda Guardiola bilan bogʻliq vaziyatni oxirigacha aniqlashtirib olishni maqsad qilgan. Kelayotgan xalqaro oʻyinlar oldidan Italiya terma jamoasi yangi murabbiy masalasini tezroq hal qilishi lozim.






























Izohlar 0
…