Olimlar dinozavrlarni qirib yuborgan meteorit turini aniqlashdi: u kutilganidan kamyob boʻlib chiqdi

Yer yuzidagi hayotning qariyb 75 foizini, jumladan, dinozavrlarni yoʻq qilib yuborgan 66 million yil avvalgi falokat sababchisi nihoyat aniqlandi. Xalqaro tadqiqotchilar guruhi oʻtkazgan yangi tahlillar shuni koʻrsatadiki, sayyoramizga urilgan osmon jismi eng kamyob meteorit turlaridan biri — CO (Ornans) sinfidagi uglerodli xondrit boʻlgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu xulosaga kelish uchun olimlar boʻr davri oxirida sodir boʻlgan toʻqnashuvdan soʻng hosil boʻlgan yupqa loy qatlamidagi nikel izotoplarini oʻrganib chiqdilar. Garchi meteoritning oʻzi zarba vaqtida butunlay bugʻlanib ketgan boʻlsa-da, uning mikroskopik "kimyoviy izlari" saqlanib qolgan. Tadqiqot natijalari ixbt.com nashri tomonidan eʼlon qilindi.
Kamyob va qadimiy jism
Uglerodli xondritlar Yerda topilgan barcha meteoritlarning atigi 5 foizini tashkil etadi. CO sinfi esa ushbu guruhning ham juda kichik bir qismidir. Bunday jismlar Quyosh tizimi shakllangan davrdan buyon deyarli oʻzgarmasdan saqlanib qolgan eng qadimiy materiya namunalari hisoblanadi.Olimlarning taʼkidlashicha, ushbu kashfiyot global qirgʻin mexanizmi haqidagi tasavvurlarni ham biroz oʻzgartiradi. CO sinfidagi meteoritlar tarkibida oltingugurt, uglerod, rux va suv kabi uchuvchi elementlar boshqa turdoshlariga qaraganda ancha kam. Bu esa global sovishga sabab boʻlgan asosiy omil kosmik jism keltirgan moddalar emas, balki zarba natijasida atmosferaga koʻtarilgan ulkan miqdordagi chang va mayda boʻlaklar boʻlganini koʻrsatadi.
Chiksuclub krateri va koinot qaʼri
Mazkur asteroidning kelib chiqishi hali ham aniq emas, biroq olimlar ikki xil taxminni ilgari surmoqdalar. U yo Yupiter yaqinidagi asteroidlar kamarining tashqi qismida, yoki Quyosh tizimining yanada olis hududlarida shakllangan boʻlishi mumkin.Zamonaviy hisob-kitoblarga koʻra, diametri 10–15 kilometr boʻlgan ushbu ulkan tosh Yerga soatiga 64 000 kilometr tezlikda kelib urilgan. Bu toʻqnashuv natijasida bugungi kunda Meksikaning Yukatan yarim oroli ostida yashiringan Chiksuclub krateri hosil boʻlgan.
Ushbu tadqiqot dinozavrlarning qirilishi haqidagi umumiy manzarani oʻzgartirmasa-da, Yer tarixidagi eng yirik fojialardan biriga aynan qaysi turdagi kosmik "mehmon" sababchi boʻlganini yuqori aniqlikda belgilab berdi. Bu esa sayyoramizning oʻtmishini va koinotdan kelishi mumkin boʻlgan xavflarni yaxshiroq tushunishga yordam beradi.






























Izohlar 0
…