Hindiston hukumati Jack Dorsey yaratgan Bitchat ilovasini bloklashga urinmoqda

Hindiston hukumati Jack Dorsey yaratgan Bitchat ilovasini bloklashga urinmoqda

Hindiston hukumati Twitter (hozirgi X) asoschisi Jack Dorsey tomonidan ishlab chiqilgan Bitchat messenjerini cheklash choralarini koʻrmoqda. Bluetooth texnologiyasi asosida oflayn rejimda ishlovchi ushbu ilova mamlakatdagi ommaviy norozilik namoyishlari fonida keskin ommalashib ketdi. Rasmiy Dehli messenjerning markazlashmagan arxitekturasi qonunbuzarliklarga yoʻl ochishi mumkinligidan xavotirda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Jack Dorsey oʻzining X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida Hindiston Ichki ishlar vazirligidan kelgan bildirishnomani eʼlon qildi. Unda GitHub platformasidan uch soat ichida Bitchat loyihasiga tegishli uchta repozitoriyni (kodlar ombori) oʻchirib tashlash talab qilingan. Hukumatning fikricha, ilovaning anonimligi va internet oʻchirilgan vaqtda ham ishlash qobiliyati huquq-tartibot organlarining kuzatuv imkoniyatlarini cheklaydi.

Namoyishlar va raqamli qarshilik

Bitchat ilovasiga boʻlgan qiziqish Hindistonda talabalar tomonidan oʻtkazilayotgan keng koʻlamli norozilik namoyishlari sababli ortib ketdi. Imtihon savollari sizib chiqishi bilan bogʻliq janjal tufayli minglab yoshlar taʼlim vazirining isteʼfosini talab qilib koʻchalarga chiqishgan. Hukumat namoyishlarni jilovlash maqsadida internetni cheklagan bir paytda, Bitchat va Briar kabi oflayn messenjerlar aloqa oʻrnatishning asosiy vositasiga aylandi.

Sensor Tower tahliliy kompaniyasi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning 17-iyulidan 23-iyuliga qadar Bitchat ilovasining global yuklab olishlar sonining 85 foizi aynan Hindiston hissasiga toʻgʻri kelgan. Bir necha kun ichida ilova 91 mingdan ortiq marta yuklab olingan, kundalik faol foydalanuvchilar soni esa 330 mingdan oshib ketgan. Bu koʻrsatkich ilova tarixidagi rekord natija hisoblanadi.

Huquqiy bahslar va ochiq kodli dasturiy taʼminot

TechCrunch nashrining yozishicha, Hindiston hukumatining ushbu harakati huquqshunoslar oʻrtasida jiddiy bahslarga sabab boʻldi. SFLC.in raqamli huquqlar tashkiloti asoschisi Mishi Choudharyning taʼkidlashicha, hukumat ilovani undagi noqonuniy kontent uchun emas, balki uning ishlash prinsipi — markazlashmagan va kuzatib boʻlmaydigan tabiati uchun taqiqlashga urinmoqda. Bu esa ochiq kodli dasturiy taʼminotlar erkinligiga qarshi yangi turdagi bosim sifatida koʻrilmoqda.

Hindiston kiberjinoyatlarni muvofiqlashtirish markazi (I4C) oʻz bildirishnomasida Bitchat "tarmoq cheklovlarini chetlab oʻtishga" va "qonuniy kuzatuv hamda identifikatsiya qilish jarayonlariga toʻsqinlik qilishga" xizmat qilishini taʼkidlagan. Biroq, Internet Freedom Foundation (IFF) kabi tashkilotlar bunday taqiqlar qanchalik samarali boʻlishiga shubha bilan qaramoqda, chunki ochiq kodli dasturlarni toʻliq yoʻq qilib tashlash texnik jihatdan murakkab jarayondir.

Hozircha GitHub ushbu soʻrovga qanday munosabat bildirgani va ilova kodlari butunlay oʻchirilishi yoki yoʻqligi maʼlum emas. Mazkur holat texnologik gigantlar va davlat nazorati oʻrtasidagi ziddiyatning navbatdagi bosqichi sifatida baholanmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar