Apple Watch uchun rasmiy Telegram ilovasi taqdim etildi

Pavel Durov Apple Watch aqlli soatlari uchun Telegram messenerining rasmiy ilovasi qaytganini e’lon qildi. Bu voqea avvalgi rasmiy ilova App Store doʻkonidan olib tashlanganidan toʻrt yil oʻtib yuz berdi. Oʻshanda soatlar imkoniyatlari cheklangan edi, endi esa foydalanuvchilar toʻlaqonli mijozga ega boʻlishdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi ilova foydalanuvchilarga xabarlarni oʻqish va yuborish, ovozli xabarlarni yozish hamda tinglash, stikerlardan foydalanish va kanallarni bevosita soat ekranida koʻrish imkonini beradi. Endilikda koʻplab amallarni bajarish uchun iPhone qurilmasiga murojaat qilish shart emas.
Telegram ilovasini Apple Watch qurilmasiga iPhone’dagi Watch ilovasi orqali yoki bevosita soatdagi App Store doʻkonidan yuklab olish mumkin. Dasturning barqaror ishlashi uchun smartfondagi Telegram talqinini yangilash talab etiladi.
Tizim talablariga koʻra, yangi ilova watchOS 10 yoki undan yuqori operatsion tizim boshqaruvida ishlaydi. Eslatib oʻtamiz, avvalroq Samsung aqlli soatlari uchun ham Telegram ilovasi rasman chiqarilgani haqida xabar berilgan edi.





























Izohlar 0
…