Rossiyaning Max messenjeri Huawei AppGallery doʻkonidan gʻoyib boʻldi

Huawei smartfonlari foydalanuvchilari Rossiyaning Max messenjeri AppGallery ilovalar doʻkonidan yoʻqolib qolganiga eʼtibor qaratishdi. Biroq, maʼlum boʻlishicha, bu muammo barcha foydalanuvchilarga ham taalluqli emas. Ilova VPN orqali, masalan, Yevropa serverlaridan foydalanilganda koʻrinmay qolmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Shu bilan birga, Rossiya lokatsiyasiga ega foydalanuvchilar uchun Max messenjeri hamon yuklab olish uchun ochiq va hatto doʻkonning asosiy sahifasida reklama qilinmoqda. Shunday qilib, ilova AppGallery doʻkonida Rossiyadan tashqaridagi foydalanuvchilar uchun yashirilgan, ammo butunlay oʻchirib tashlanmagan.
Hozircha Huawei kompaniyasi ushbu holat boʻyicha rasmiy izoh bermadi. Cheklovlarning sabablari ham ochiqlanmagan. Mazkur vaziyat yaqinda Max ilovasining Apple App Store doʻkonidan gʻoyib boʻlishini eslatib yubormoqda.
Eslatib oʻtamiz, 3-iyun kuni Apple kompaniyasi amaldagi sanksiya cheklovlari sababli ushbu ilovani oʻz platformasidan olib tashlagan edi. Shuningdek, iPhone foydalanuvchilari uchun ilovaning bildirishnomalari ham oʻchirib qoʻyilgan.
Max — bu VK xoldingi tomonidan ishlab chiqilgan Rossiya davlat messenjeri boʻlib, u muloqot, biznes va davlat xizmatlaridan foydalanish uchun milliy platforma sifatida taqdim etilgan. Ushbu ilova Rossiyada sotiladigan barcha smartfonlarga majburiy ravishda oʻrnatilgan boʻlishi lozim.





























Izohlar 0
…