Intel noutbuklar narxini keskin pasaytirishning yangi usulini oʻylab topdi

Intel kompaniyasi Wildcat Lake avlodidagi protsessorlar bazasida maksimal darajada arzon noutbuklar yaratishga qaratilgan Firefly loyihasining yangi tafsilotlarini ochiqladi. Intel mijozlar boʻlinmasi katta direktori Nish Neelalojanan soʻzlariga koʻra, loyihaning asosiy gʻoyasi bugungi kunda smartfonlar ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan infratuzilmadan foydalanishga asoslangan. Bu butlovchi qismlar tannarxini sezilarli darajada kamaytirish va yangi qurilmalarni bozorga chiqarishni tezlashtirish imkonini beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Boʻlajak noutbuklarning asosi sifatida Wildcat Lake protsessorlari, jumladan, 6 yadroli Intel Core 5 320 tanlangan. Ushbu CPU ikkita yuqori unumdor va toʻrtta energiya tejamkor yadroga, shuningdek, ikkita Xe3 yadroli iGPU grafik qismiga ega. Kompaniya smartfonlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Xitoy zavodlari bilan hamkorlikda noutbuklarning namunaviy konstruksiyalarini ishlab chiqib boʻlgan.
Namoyish etilgan prototiplardan biri qalinligi bor-yoʻgʻi 12,9 mm boʻlgan metall korpus va zamonaviy portlar toʻplami (ikkita USB-C, bitta USB-A va HDMI) bilan jihozlangan. Qurilmani yanada arzonlashtirish uchun Intel bitta ingichka mis issiqlik trubkasidan iborat yangi sovutish tizimini hamda interfeyslarni ona plataga ulash uchun tejamkorroq kabel konstruksiyasini ishlab chiqdi.
Yana bir muhim jihat — noutbuklarda dastlab smartfonlar uchun moʻljallangan xotira modullaridan foydalaniladi. Intel mutaxassislarining fikricha, smartfon sanoati texnologiyalarini kompyuterlar olamiga olib kirish noutbuklar tannarxini bir necha barobar pasaytirishga xizmat qiladi.





























Izohlar 0
…