Specialized kompaniyasi 12 ming dollarlik Levo 4 X elektr velosipedini taqdim etdi

Specialized kompaniyasi oʻzining yangi Levo 4 X elektr togʻ velosipedini rasman namoyish etdi. Ushbu model yuqori chidamlilikka ega karbonli rama hamda old va orqa qismida jami 22 kg gacha yuk koʻtara oladigan maxsus yukxonalar bilan jihozlangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Harakatlanish uchun markazda joylashgan Specialized S-Works 3.1 rusumli firmenniy dvigatel masʼuldir. Ishlab chiqaruvchining taʼkidlashicha, u 111 Nm aylanish momenti va 850 W (taxminan 1,15 ot kuchi) maksimal quvvatni taʼminlaydi. Bu esa eng qiyin relyeflarda ham yuqori samaradorlikni kafolatlaydi.
Elektrovelosiped 840 W·soat sigʻimli akkumulyator bilan taʼminlangan. Specialized maʼlumotlariga koʻra, bir marta quvvatlash orqali 4,4 soatgacha harakatlanish mumkin, biroq real masofa yoʻnalish murakkabligi va tanlangan yordam rejimiga bogʻliq boʻladi. Shuningdek, qurilma 12 Amperli intellektual quvvatlash moslamasiga ega.
Texnik jihozlanish nuqtai nazaridan Levo 4 X eng zamonaviy komponentlarni oʻz ichiga olgan: FOX 38 Factory old vilkasi, FOX Float X Factory orqa amortizatori va SRAM XX Eagle T-Type AXS transmissiyasi shular jumlasidandir. Tormoz tizimi sifatida 220 mm li diskli SRAM Maven Ultimate tanlangan.
Velosiped 2,2 dyuymli ekran, maxsus mobil ilova va Apple Find My servisi bilan integratsiya qilingan. Ogʻirligi 27,2 kg boʻlgan ushbu yangilik qizil rangda sotuvga chiqdi va uning narxi 12 ming dollarni tashkil etadi.





























Izohlar 0
…