Bir uydan yetti kuydirilgan jasad topildi politsiya sababni o‘rganmoqda

Ekvadorning Kanyar provinsiyasidagi uylardan biridan 28 iyul kuni yetti nafar yoshning kuydirilgan jasadi topildi va politsiya mazkur holat yuzasidan tekshiruv boshladi. 21 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan qurbonlardan ikki nafarining qo'l-oyog'i sim bilan bog'langan bo'lib, uy tashqarisida yonib ketgan avtomobil aniqlandi.
Ekvadorning janubidagi Kanyar provinsiyasida joylashgan uylardan birida yetti kishining kuydirilgan jasadi topildi. Bu haqda mamlakat rasmiylariga tayanib CBS News xabar berdi. Qayd etilishicha, hududda jinoiy zo‘ravonliklar kuchaygani sababli favqulodda holat rejimi amal qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, jasadlar 28 iyul kuni La Tronkal shaharchasidagi uydan topilgan. Marhumlardan ikki nafarining qo‘l-oyog‘i sim bilan bog‘langan bo‘lgan, uy tashqarisida esa yonib ketgan avtomobil aniqlangan. Qurbonlar 21 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslardir. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, voqea jinoiy guruhlar o‘rtasidagi hudud talashish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Tergovchilarning ma’lum qilishicha, uy devorlarida «Bo‘rilar zamini» va «Bo‘rilar faol» degan yozuvlar qoldirilgan. Bu yozuvlar Ekvadordagi eng yirik narkotrafik va tovlamachilik to‘dalaridan biri hisoblangan «Los Lobos» («Bo‘rilar») bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Mazkur guruh 2025 yil sentyabr oyida AQSH tomonidan terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda Ekvador Janubiy Amerikaning eng xavfsiz davlatlaridan biri maqomidan kokain kontrabandasining asosiy tranzit nuqtalariga aylanib qolgan. Kolumbiya va Peruda ishlab chiqariladigan kokainning qariyb 70 foizi Ekvador orqali tashiladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda mamlakatda 9200 dan ortiq odam zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan. Shu bilan birga, AQSH ko‘magida uyushgan jinoyatchilikka qarshi keng ko‘lamli operatsiyalar davom etmoqda. Biroq rasmiylar ta’kidlaganidek, jinoiy to‘dalar bilan bog‘liq qonli hodisalar hozircha to‘xtagani yo‘q.






























Izohlar 0
…