SambaNova sunʼiy intellekt chiplari bozori uchun 1 milliard dollar investitsiya jalb qildi

Sunʼiy intellekt texnologiyalari uchun ixtisoslashgan chiplar ishlab chiqaruvchi SambaNova Systems startapi oʻzining navbatdagi investitsiya bosqichida 1 milliard dollar mablagʻ toʻplashga muvaffaq boʻldi. Mazkur moliyalashtirishdan soʻng kompaniyaning bozor qiymati 11 milliard dollarga yetdi. Bu voqea global texnologiya bozorida NVIDIA kabi gigantlarga munosib raqobatchi shakllanayotganidan dalolat beradi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Investitsiya raundi General Atlantic kompaniyasi boshchiligida amalga oshirildi. SambaNova bosh direktori va hammuassisi Rodrigo Liangning TechCrunch nashriga maʼlum qilishicha, yaqin haftalarda yana bir necha investorlar qoʻshilishi kutilmoqda va yakuniy summa yanada ortishi mumkin. Shunisi eʼtiborliki, kompaniya bor-yoʻgʻi besh oy avval oʻzining SN50 chipini taqdim etgan va oʻshanda 350 million dollar sarmoya jalb qilgan edi.
Bank tizimi va xavfsiz infratuzilma
Yangi moliyaviy muvaffaqiyat bilan bir qatorda, SambaNova dunyodagi eng yirik banklardan biri — JPMorgan Chase bilan hamkorlikni boshlaganini eʼlon qildi. Bank oʻzining ichki sunʼiy intellekt tizimlarini (inference) yuritish uchun aynan SambaNova chiplaridan foydalanishga qaror qilgan. Bu bank sohasida maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash uchun bulutli xizmatlardan voz kechib, shaxsiy infratuzilmaga oʻtish tendensiyasi boshlanganini koʻrsatadi.Liangning soʻzlariga koʻra, JPMorgan Chase darajasidagi moliya muassasalarining ushbu texnologiyaga ishonch bildirishi butun bozorga kuchli signal beradi. Hozirda yirik korxonalar va hukumatlar oʻzlarining maxfiy modellarini xavfsiz muhitda yuritish uchun mustaqil apparat vositalariga ehtiyoj sezmoqda. SambaNova aynan mana shu boʻshliqni toʻldirishni maqsad qilgan.
Intel bilan hamkorlik va kelajak rejalari
SambaNova va Intel oʻrtasidagi aloqalar ham yangi bosqichga koʻtarildi. Intel nafaqat investor sifatida qatnashmoqda, balki kompaniyalar birgalikda mahsulotlar ishlab chiqib, ularni bozorga chiqarishmoqda. Mazkur hamkorlik startapga Intelʼning ulkan ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish imkonini beradi. Avvalroq Intel kompaniyani 1,6 milliard dollarga sotib olishni koʻzlagani haqida xabarlar tarqalgan edi, biroq hozirgi oʻsish surʼatlari SambaNova mustaqil qolishni afzal koʻrayotganini anglatadi.Kompaniyaning asosiy ustunligi — trillionlab parametrlarga ega eng yirik sunʼiy intellekt modellarini bitta server tokchasida (rack) yuqori tezlikda ishlatish imkoniyatidir. SambaNova mahsulotlari quyidagi yoʻnalishlarda yetakchilikni koʻzlamoqda:
- Katta hajmdagi til modellarini (LLM) mahalliy serverlarda tezkor yuritish;
- Maʼlumotlar markazlari uchun energiya tejamkor va ixcham yechimlar taqdim etish;
- Davlat va moliya sektorlari uchun yopiq, xavfsiz AI ekotizimlarini yaratish.






























Izohlar 0
…