139 marta yiqilgan erkak nihoyat haydovchilik imtihonidan o‘tdi

139 marta yiqilgan erkak nihoyat haydovchilik imtihonidan o‘tdi

Polshada haydovchilik guvohnomasini olish istagidagi bir fuqaro qat’iyati bilan ko‘pchilikni hayratga soldi. U to‘qqiz yil davomida 139 marta muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin, nihoyat nazariy haydovchilik imtihonidan o‘tishga erishdi.

Ma’lum qilinishicha, Polshada haydovchilikka nomzodlar avval kompyuter orqali nazariy imtihon topshiradi. Faqat shu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tganlargina amaliy haydovchilik sinovida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.

Tarnuv shahrida yashovchi erkak 2017 yildan buyon ushbu imtihonni topshirishga harakat qilib kelgan. Shu vaqt ichida u imtihonlar uchun qariyb 1800 yevro mablag‘ sarflagan. Biroq u har safargi omadsizlikdan keyin ham maqsadidan voz kechmagan.

Tarnuv yo‘l harakati markazi direktori Pavel Gurgulning ta’kidlashicha, bu voqea insonning sabr-toqati va maqsadi yo‘lidagi qat’iyatiga yorqin misol bo‘la oladi.

Ma’lum bo‘lishicha, nomzod uzoq vaqt davomida imtihon savollarining to‘liq bazasini o‘z ichiga olmagan test dasturidan foydalangan. Keyinchalik to‘liq versiyaga o‘tgach, xatolari kamayib borgan va oxir-oqibat nazariy sinovni muvaffaqiyatli topshirgan.

Endilikda uni amaliy haydovchilik imtihoni kutib turibdi. Agar ushbu bosqichdan o‘ta olmasa, qonunchilikka muvofiq nazariy imtihonni yana qayta topshirishiga to‘g‘ri keladi.

Qiziq jihati shundaki, bu natija Polshadagi eng uzoq davom etgan urinishlardan biri bo‘lsa-da, milliy rekord emas. Avvalroq mamlakatning Pyotrkuv-Tribunalski shahrida yashovchi yana bir fuqaro haydovchilik nazariy imtihonidan 17 yil davomida 163 marta urinishdan keyin muvaffaqiyatli o‘tgani qayd etilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar