Abu Dabida 11 milliard dollarlik orol qurilmoqda

Birlashgan Arab Amirliklarining poytaxti Abu Dabida insonning jismoniy va ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ulkan loyiha — Fahid oroli barpo etilmoqda. 2029 yilda to‘liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan ushbu zamonaviy majmuada 6 mingdan ortiq xonadon qad rostlaydi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qiymati 10,9 milliard dollarga baholanayotgan loyihani Abu Dabi hukumatiga qarashli Aldar Development kompaniyasi amalga oshirmoqda. Kompaniya vitse-prezidenti Emma MakKri Brinning ta’kidlashicha, oroldagi har bir arxitektura yechimi va infratuzilma elementi inson salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish tamoyili asosida ishlab chiqilgan.
Yashil hududlar va sog‘lom turmush tarzi

Mutaxassislar fikricha, yashil maydonlar ko‘p va piyodalar uchun qulay muhit inson salomatligi hamda ruhiy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois Fahid orolining markazidan umumiy uzunligi 10 kilometr bo‘lgan Berm parki o‘tadi. Bu yerda yugurish yo‘laklari, velosiped yo‘llari va dam olish maskanlari tashkil etiladi.
Umumiy maydoni 2,7 million kvadrat metrni tashkil etuvchi orolda turli toifadagi turar joylar — zamonaviy kvartiralardan tortib o‘ta hashamatli villalargacha quriladi. Aldar kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, uy-joylar narxi 517 ming dollardan boshlanib, 2 million dollargacha yetadi.
Loyihaning yana bir o‘ziga xos jihati — orol ichidagi yo‘llarning 70 foizdan ortig‘i soyali qilib quriladi. Bu esa aholiga yilning issiq fasllarida ham butun orol bo‘ylab bemalol piyoda harakatlanish imkonini beradi. Shuningdek, hududda savdo do‘konlari, plyaj klublari, suv sporti markazlari va dam olish maskanlari ham joylashtiriladi.
Ta’lim va xalqaro e’tirof

2028 yil sentyabr oyida orolda Buyuk Britaniyaning mashhur King‘s College School Wimbledon xususiy maktabi filiali ish boshlaydi. U AQSHning Fitwel sog‘lom binolarni sertifikatlash tizimi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan dunyodagi birinchi ta’lim muassasasi bo‘ladi.
Fahid orolining o‘zi ham ushbu xalqaro tizim bo‘yicha eng yuqori — uch yulduzli reytingga sazovor bo‘lib, bu natijaga erishgan dunyodagi ilk loyiha sifatida qayd etildi. Sertifikatlash jarayonida jismoniy faollik, sog‘lom ovqatlanish, ruhiy salomatlikni qo‘llab-quvvatlash va kasalliklarning oldini olish kabi muhim mezonlar inobatga olingan.
«Ko‘pchilik binoda sport zali yoki SPA markazi bo‘lsa, buni salomatlik uchun yetarli deb hisoblaydi. Aslida esa salomatlik — inson har kuni to‘g‘ri va sog‘lom qarorlar qabul qilishiga yordam beradigan muhitni yaratishdir», — dedi Emma MakKri Brin.
Avvalroq Misrda ham qiymati 27 milliard dollar bo‘lgan The Spine loyihasi haqida xabar berilgan edi. Mazkur yangi shahar 2 million kvadrat metrdan ortiq hududni egallab, 165 ta turar joy, biznes va tijorat minoralarini o‘z ichiga olishi rejalashtirilgan.






























Izohlar 0
…