Elon Muskdan xoli investitsiya: AQSHda milliarderga qarshi yangi fondlar ochildi

Dunyoning eng boy odami Elon Musk atrofidagi shov-shuvlar va uning ziddiyatli bayonotlari moliya bozorida kutilmagan tendensiyalarni keltirib chiqarmoqda. AQSHda investorlar uchun milliarderga tegishli kompaniyalarni chetlab oʻtish imkonini beruvchi ikkita yangi birja fondi (ETF) roʻyxatga olindi. Bu qadam Muskning siyosiy qarashlari va ijtimoiy tarmoqlardagi xatti-harakatlaridan norozi boʻlgan sarmoyadorlar uchun maxsus ishlab chiqilgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Subversive Capital kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan ushbu fondlar Nasdaq-100 Ex-Elon Enterprises ETF va S&P 500 Ex-Elon Enterprises ETF deb nomlanadi. Bloomberg nashrining xabar berishicha, ushbu moliyaviy vositalar Tidal Trust I tomonidan qonuniy roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlib, ularning asosiy maqsadi Elon Musk asos solgan yoki boshqarayotgan kompaniyalarni investitsiya portfelidan butunlay chiqarib tashlashdir.
Hozirgi vaqtda oddiy investor uchun Muskdan qochish ancha mushkul. Sababi, uning Tesla kompaniyasi uzoq vaqtdan beri S&P 500 indeksining ajralmas qismi hisoblanadi. Shuningdek, yaqinda SpaceX kompaniyasi ham Nasdaq 100 indeksiga kiritildi. Bu esa indekslarga bogʻlangan aksariyat yirik fondlarga pul tikkan har bir kishi bilvosita Muskning biznesiga homiylik qilayotganini anglatadi. Yangi ETFlar esa aynan shu bogʻliqlikni uzishni taklif qilmoqda.
Siyosiy va ijtimoiy sabablar
Ekspertlarning fikricha, bunday fondlarning paydo boʻlishiga Muskning X (sobiq Twitter) tarmogʻidagi keskin chiqishlari, DOGE departamentidagi faoliyati va Donald Trump bilan yaqin aloqalari sabab boʻlgan. Ayrim investorlar milliarderning xatti-harakatlarini oʻz qadriyatlariga zid deb hisoblaydi va shu sababli uning muvaffaqiyatidan foyda koʻrishni istamaydi.Fondlarning rasmiy prospektida taʼkidlanishicha, cheklovlar roʻyxatiga hozircha quyidagi aktivlar kiritilgan:
- Tesla (TSLA) — elektromobillar ishlab chiqaruvchi gigant;
- SpaceX (SPCX) — koinotni oʻzlashtirish bilan shugʻullanuvchi xususiy kompaniya;
- Kelajakda Musk bilan bevosita bogʻliq boʻlgan har qanday ochiq aksiyadorlik jamiyatlari.
Hozircha QQNE va SPNE tikerlari ostida savdo qilinadigan ushbu fondlar qanchalik muvaffaqiyatli boʻlishini aytish qiyin. Ammo bozor tahlilchilari Muskka boʻlgan salbiy munosabat ortib borayotgan bir paytda, ushbu ETFlar oʻz auditoriyasini topishiga ishonmoqdalar. Bu, ayniqsa, Tesla aksiyalari narxi oʻzgaruvchan boʻlib qolgan va milliarderning siyosiy nufuzi oshgan bir davrda dolzarb ahamiyat kasb etadi.






























Izohlar 0
…