Google DeepMind rahbari sunʼiy intellekt ustidan xalqaro nazorat oʻrnatishga chaqirdi

Google DeepMind kompaniyasi rahbari Demis Hassabis jahon hamjamiyatini eng kuchli sunʼiy intellekt (SI) modellarini ommaga taqdim etishdan avval ularni sinovdan oʻtkazuvchi va baholovchi mustaqil tashkilot tuzishga chaqirdi. Uning fikricha, bunday tuzilma global xavfsizlikni taʼminlash uchun oʻta muhim boʻlib, zarurat tugʻilganda xavfli texnologiyalarning tarqalishini vaqtincha cheklash vakolatiga ega boʻlishi lozim. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hassabis oʻzining "A Framework for Frontier AI and the Dawning of a New Age" nomli maqolasida ilgʻor SI tizimlari uchun global qoidalarni ishlab chiqish vaqtini ortga surib boʻlmasligini taʼkidladi. U taklif etayotgan xalqaro nazorat organi mustaqil ekspertlar guruhi sifatida faoliyat yuritib, eng murakkab modellarning jamiyat uchun xavfsizligini tekshirishi kerak. Bu tashabbus texnologik olamda SI rivoji nazoratdan chiqib ketishi haqidagi xavotirlar kuchaygan bir paytda ilgari surilmoqda.
AQSH yetakchiligidagi yangi tartib
DeepMind rahbarining fikriga koʻra, ushbu xalqaro tuzilmani tashkil etishda AQSH tashabbuskor boʻlishi lozim. Bu mamlakatning texnologik bozordagi yetakchi oʻrni va SI sohasidagi ulkan salohiyati shunday masʼuliyatni yuklaydi. Taklif etilayotgan organ tarkibiga SI xavfsizligi boʻyicha mutaxassislar, ilmiy doira vakillari va ochiq kodli dasturiy taʼminot ishlab chiquvchilari kirishi koʻzda tutilgan.Axios nashri maʼlumotlariga koʻra, Hassabis ushbu tashabbusni bir necha oydan beri AQSH maʼmuriyati, Yevropa rasmiylari va boshqa yirik SI laboratoriyalari bilan muhokama qilib kelmoqda. U yangi tashkilot joriy yil yakuniga qadar ish boshlashiga umid qilmoqda. Biroq, hozircha na xalqaro miqyosda, na AQSHning oʻzida bunday regulyator uchun yagona huquqiy baza yoki kelishilgan format mavjud emas.
Sunʼiy umumiy intellekt (AGI) ostonasida
Hassabisning ogohlantirishicha, insoniyat sunʼiy umumiy intellekt (AGI) darajasiga yaqinlashmoqda. Bu shunday tizimki, u inson bajara oladigan deyarli har qanday intellektual vazifani u bilan teng yoki undan yuqori darajada bajara oladi. Bunday texnologik sakrash iqtisodiyot va jamiyatda fundamental oʻzgarishlarni keltirib chiqarishi muqarrar, shuning uchun nazorat mexanizmlarini hozirdan yaratish shart.Shuningdek, Google DeepMind rahbari SI tizimlaridan biologik qurol yaratishda foydalanish xavfini ham alohida qayd etgan. Avvalroq u boshqa texnologik gigantlar rahbarlari bilan birgalikda ushbu yoʻnalishda himoyani kuchaytirish zarurligini aytib chiqqan edi. Shu bilan birga, mutaxassislar mehnat bozoridagi kutilayotgan oʻzgarishlarga ham tayyorgarlik koʻrish kerakligini eslatib oʻtishmoqda.
Hozircha global nazorat organini tuzish murakkab vazifa boʻlib qolmoqda. Turli davlatlar SI xavflarini turlicha baholaydi, yirik kompaniyalar esa bir tomondan tartibga solishni yoqlasa, ikkinchi tomondan oʻz modellarini poyga tarzida rivojlantirishda davom etmoqda. Hassabisning taklifi aslida eng kuchli SI tizimlarining ruxsat etilgan chegaralarini kim va qanday belgilashi kerakligi haqidagi muhim savolni oʻrtaga tashladi.






























Izohlar 0
…