Antares harbiy bazalar uchun kichik yadro reaktorlari qurishga 470 million dollar jalb qildi

Yadro energetikasi sohasida faoliyat yurituvchi Antares startupi AQSh harbiy bazalari uchun kichik reaktorni qurish maqsadida 470 million dollar sarmoya yigʻgani maʼlum boʻldi. Ixbt.com va boshqa texnologiya nashrlarining yozishicha, Series C raundidagi moliyalashtirish jarayoni Paradigm hamda Caffeinated Capital boshchiligida oʻtgan boʻlib, unga Industrious Ventures, Point72 Ventures va Shine Capital kabi kompaniyalar ham oʻz hissasini qoʻshgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Mazkur moliyalashtirish raundi 370 million dollarlik aksiya kapitali va 100 million dollarlik qarz mablagʻlarini oʻz ichiga oladi. Antares kompaniyasi 100 kilovatdan 1 megavattgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan kichik modul reaktorini (SMR) ishlab chiqmoqda. Bunday qurilmaning quvvati 750 tagacha xonadonni elektr bilan taʼminlashga yetarli hisoblanadi.
Texnologik xususiyatlar va xavfsizlik
Koʻplab zamonaviy yadro startuplari singari, Antares reaktori ham uranni uglerod va keramika qobigʻiga oʻrovchi TRISO yoqilgʻisidan foydalanadi. Ushbu yoqilgʻi turi anʼanaviy yadro yoqilgʻisiga nisbatan xavfsizroq muqobil sifatida ilgari surib kelinmoqda. Bilyard toʻpi kattaligidagi TRISO sharlarini geliy gazi yoki eritilgan tuzlar yordamida sovutish mumkin.Ushbu qoplama reaktor haddan tashqari qizib ketganda yoqilgʻi erib ketishining oldini olish uchun moʻljallangan. Antares kompaniyasining Mark-0 deb nomlangan namoyish reaktori joriy yilning 4-iyun kuni Aydaxo milliy laboratoriyasida muhim bosqichga erishdi. Kompaniya Pentagonning harbiy obyektlar uchun ilgʻor yadro energetikasi dasturining uchta finalchisidan biri hisoblanadi.
Sanoatdagi oʻsish tendensiyalari va qiyinchiliklar
Soʻnggi paytlarda sunʼiy intellekt maʼlumotlar markazlarining jadal qurilishi va iqtisodiyotning elektrifikatsiyasi tufayli elektr energiyasiga talab keskin oshdi. Natijada investorlar yadro energetikasiga, xususan, boʻlinish texnologiyalariga katta qiziqish bildirmoqda. Aprel oyida X-energy IPO orqali 1 milliard dollar yigʻgan boʻlsa, Radiant Energy, Standard Nuclear va Last Energy kabi startuplar ham salmoqli mablagʻlarga ega chiqdi.Biroq, investorlarning yuqori qiziqishiga qaramamay, ilgʻor yadro startuplari tijoratlashtirish yoʻlida qator toʻqnashuvlarga duch kelmoqda. AQShda yetkazib berish zanjirining yetarli darajada rivojlanmagani va ishlab chiqarishni kengaytirishdagi muammolar shular jumlasidandir. Koʻplab SMR startuplari ommaviy ishlab chiqarish xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirishini daʼvo qilsa-da, bu jarayon kamida oʻn yilni talab qiladi va hozircha birorta startup ham bu bosqichga yetib kelgani yoʻq.
Energetika texnologiyalari narxini tahlil qiluvchi Lazard maʼlumotlariga koʻra, yangi SMR reaktorlarining har bir megavatt-soati taxminan 214 dollarga tushishi kutilmoqda. Bu narx ularni eng qimmat gaz turbinalaridan tashqari boshqa barcha yangi elektr stansiyalariga qaraganda qimmatroq qiladi. Shunga qaramay, Antares oʻzining birinchi elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi reaktorini kelasi yili ishga tushirishni va 2028-yilda AQSh harbiy obyektlariga joylashtirishni rejalashtirmoqda.






























Izohlar 0
…