Kiberxavfsizlik startapi Spur 200 million dollar investitsiya jalb qildi

AQShning Florida shtatida joylashgan Spur Intelligence kiberxavfsizlik startapi Insight Partners boshchiligidagi investisiya raundida 200 million dollar mablagʻ toʻpladi. Ushbu moliyalashtirish raqamli makonda botlar faolligi keskin oshib, internet trafik hajmi boʻyicha insonlardan oʻzib ketgan davrga toʻgʻri keldi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
ixbt.com maʼlumotiga koʻra, 2017-yilda asos solingan Spur kompaniyasi ChatGPT ommaviy taqdim etilishidan besh yil oldinoq botlarni aniqlash texnologiyasini ishlab chiqqan edi. Startap texnologiyasi korxonalarga qonuniy foydalanuvchilarni murakkab tarzda yashirinayotgan bot trafigidan ajratib olishga, shuningdek, soxta foydalanuvchilar va tahdidlarni aniqlashga yordam beradi.
Kiberxavfsizlikdagi koʻr nuqtalar
Insight Partners vakili Tomas Kranning taʼkidlashicha, bugungi kunda murakkab jinoiy VPN tarmoqlari, rezidensial proksi serverlar va anonimlashtirish infratuzilmalari jadal rivojlanmoqda. Natijada tashkilotlar faoliyatida jiddiy muammo yuzaga kelmoqda — ular faollikni koʻradi, biroq uning ortidagi asl infratuzilmani aniqlay olmaydi.Zararli trafikni aniqlash korporativ xavfsizlik jamoalari uchun doimiy muammo boʻlib kelgan. Biroq mutaxassislarning fikricha, hozirgi kunda kompaniyalar duch kelayotgan hujumlar koʻlami avvalgilaridan tubdan farq qiladi va ularni bartaraf etish tobora qiyinlashib bormoqda.
Internetda botlar ustunligi
Cloudflare kompaniyasining oxirgi hisobotiga koʻra, 2026-yilning oʻrtalariga kelib internetdagi botlar faolligi insonlar faolligidan oshib ketdi. Bu holat butun internet tarixi davomida ilk bor kuzatilmoqda.Cloudflare asoschisi va bosh direktori Metyu Prins oʻzining X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida agentik trafikning juda tez oʻsayotganini qayd etgan. Uning soʻzlariga koʻra, dastlab bu holat 2027-yil oxiri yoki boshlarida sodir boʻlishi kutilgan edi, biroq jarayonlar kutilganidan ham tezroq kechmoqda.






























Izohlar 0
…