HMD kompaniyasi afsonaviy Asha brendini yangi budjet qurilma bilan qaytardi

HMD kompaniyasi Filippin bozorida o'ziga xos "yengillashtirilgan smartfon" — HMD Asha 305 modelini rasman taqdim etdi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, ushbu qurilma oddiy tugmali telefonlar hamda to'laqonli Android-qurilmalar oralig'idagi oraliq yechim sifatida yaratilgan bo'lib, uning narxi atigi 65 AQSh dollarini tashkil etadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi model oddiy va ishonchli texnologiyalarni qadrlovchi foydalanuvchilarga mo'ljallangan. Qariyb o'n yil avval Nokia brendi ostida mashhur bo'lgan Asha liniyasining qaytarilishi kompaniyaning boshlang'ich darajadagi segmentdagi mavqeyini mustahkamlashga qaratilgan qadam sifatida baholanmoqda.
Texnik xususiyatlari va imkoniyatlari
Taqdim etilgan smartfon 480 × 854 piksel o'lchamli 5 dyuymli ekran bilan jihozlangan. Qurilma ishlashi uchun Unisoc T137 protsessori mas'ul bo'lib, u kundalik oddiy vazifalarni bajarishga to'la yetarli hisoblanadi. Aparat qismi 2 GB tezkor va 16 GB doimiy xotira bilan ta'minlangan.Suratga olish uchun 2 megapikselli asosiy kamera ko'zda tutilgan. Shuningdek, zamonaviy foydalanuvchilar talablaridan kelib chiqqan holda, qurilma LTE modem, Wi-Fi, GPS, Bluetooth 4.2 simsiz ulanish imkoniyatlari, 3,5 mm quloqchin uchun tirqish va USB-C porti bilan jihozlangan.
Dasturiy ta'minot va batareya
HMD Asha 305 modeli Android AOSP asosida yaratilgan Pulse OS operatsion tizimida ishlaydi. Dasturiy ta'minot imkoniyatlariga ko'ra, foydalanuvchilarga TikTok va YouTube kabi mashhur ilovalarning maxsus yengillashtirilgan versiyalarini o'z ichiga olgan 100 dan ortiq ilovalar taqdim etiladi.Qurilmaning asosiy afzalliklaridan biri bu sig'imi 2500 mA·ch bo'lgan olinadigan batareyadir. Ishlab chiqaruvchining ta'kidlashicha, akkumulyator quvvati kutish rejimida 32 soatgacha ishlashni ta'minlay oladi, bu esa o'z navbatida foydalanishda qo'shimcha qulaylik yaratadi.
Hozirgi vaqtda yangi HMD Asha 305 Filippinda 3990 filippin pesosi (taxminan 65 dollar) narxida sotuvga chiqarilgan. Ishlab chiqaruvchi ma'lumotlariga ko'ra, yaqin haftalar ichida mazkur budjet smartfon boshqa xalqaro bozorlarda ham sotuvga chiqishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…