Ferrari kompaniyasining ilk elektrokariga talab kutilgandan yuqori boʻldi

Ferrari kompaniyasining ilk elektrokariga talab kutilgandan yuqori boʻldi

May oyida omma eʼtiboriga havola etilgan Ferrari brendining tarixdagi ilk elektromobili — Luce modeli internet foydalanuvchilari va avtoekspertlar tomonidan keskin tanqidlarga uchragan edi. Biroq Financial Times nashrining xabar berishicha, barcha shubha va salbiy baholarga qaramay, mazkur besh oʻrindiqli mashinaga boʻlgan talab kutilganidan ham yuqori boʻlib chiqdi va kompaniya joriy yilgi savdo rejasini atigi ikki oy ichida bajardi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Eslatib oʻtamiz, taqdimot kunidan soʻng internetda Luce modelining tashqi koʻrinishi Nissan Leaf avtomobiliga qiyoslanib, uning dizayni keskin tanqid qilingan edi. Hatto Ferrari kompaniyasining sobiq rahbari Luka Kordero di Montezemolo ham bu tanqidchilar safidan joy oldi. Salbiy munosabatlar fonida Ferrari aksiyalari taqdimotdan keyingi kuniyoq 8 foizga arzonlashgan boʻlib, internetdagi koʻplab kuzatuvchilar bu elektromobil muvaffaqiyatsizlikka uchrashini taxmin qilishgan edi.

Mashhur dizaynerlar ishi va xaridorlarning ishonchi

Biroq internetdagi noroziliklar real xaridorlarning qiziqishiga taʼsir qilmadi. Mashhur dizayner Joni Ayv va uning LoveFrom kompaniyasi hamkorligida yaratilgan ushbu oʻziga xos besh oʻrindiqli sportkar oʻz xaridorlarini tezda topdi. Avtomobilsozlik mutaxassislarining fikricha, ekran orqali koʻrilgan dizayn real hayotdagidan farq qilishi mumkin va mashinani yaqindan koʻrgan badavlat mijozlar buyurtma berishga qaror qilishgan.

Maʼlumotlarga koʻra, Ferrari narxi 555 000 yevro (taxminan 630 000 AQSh dollari) boʻlgan ushbu elektromobildan 500 donaga yaqin sotishni rejalashtirgan edi. Ushbu koʻrsatkichga atigi ikki oy ichida erishilgani brend muxlislari narx-navodan qatʼiy nazar yangi mahsulotni xarid qilishga tayyor ekanini koʻrsatdi. Oʻtgan yili olti xonali summaga baholalanuvchi 13 mingdan ortiq mashina sotgan kompaniya uchun 500 ta elektromobilni oʻz mijozlariga tarqatish qiyin kechmadi.

Xitoy bozori va dastlabki baholar

Avvalgi hisobotlarga tayangan holda, sotilgan avtomobillarning kamida 20 foizi Xitoy bozoriga yoʻnaltirilishi kutilmoqda. Xitoylik xaridorlar zamonaviy, tezkor va toʻrt eshikli elektromobillarni afzal koʻrishgani sababli Luce modeli aynan ushbu bozor talablariga toʻla mos kelishi taʼkidlangan. Mashinaning texnik imkoniyatlari va harakatlanish xususiyatlari boʻyicha ilk sharhlar ham uning haqiqiy Ferrari ruhida boshqarilishini tasdiqlamoqda.

Kaputidagi mashhur tulpor emblemasi va yuqori darajadagi muhandislik yechimlari tanqidchilarning barcha taxminlarini yoʻqqa chiqardi. Internetdagi shubhalarga qaramay, Ferrari oʻzining ilk elektr transport vositasi bilan ham bozorda muvaffaqiyat qozonish mumkinligini amalda isbotladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar