Maktablarda dars soatlari taqsimoti bo‘yicha tartib yangilandi

Maktablarda dars soatlarini taqsimlash tartibi yangilanadi. Yangi mexanizm o‘qituvchilarning ish yuklamasini yengillashtirish, dars soatlarini taqsimlash jarayonini soddalashtirish hamda uni yanada shaffof va adolatli tashkil etishga qaratilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda pedagoglar orasida dars soatlarini taqsimlash tartibi o‘zgargani haqidagi xabarlar keng muhokama qilingach, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mazkur masala yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil 28 oktyabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma qarori bilan «Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Qayd etilishicha, mazkur yangiliklarning asosiy maqsadi o‘qituvchilarning ish hajmini qisqartirish, dars soatlarini taqsimlashga oid talablarni soddalashtirish hamda jarayonni yanada ochiq, shaffof va adolatli yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Yangi tartibga muvofiq, avval amal qilgan dars soatlarini taqsimlashning 19 ta ustuvorlik mezoni 10 tagacha qisqartirildi. Vazirlik ta’kidlashicha, ushbu o‘zgarishlar pedagoglar tomonidan bildirilgan ko‘plab taklif va mulohazalar asosida ishlab chiqilgan.
Shuningdek, barcha o‘qituvchilar uchun teng imkoniyat yaratish maqsadida dunyoning TOP-1000 oliy ta’lim muassasalarini bitirganlik yoki xalqaro hamda asosiy fan olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlaganlik kabi mezonlar bekor qilindi. Vazirlik bu qarorni bunday imkoniyatlar barcha pedagoglar uchun birdek mavjud emasligi bilan izohladi.
Endilikda dars soatlarini taqsimlashda asosiy e’tibor milliy yoki xalqaro sertifikatlarga ega, zamonaviy kompetensiyalarni o‘zlashtirgan, kasbiy mahorati va mehnat natijalarini amaliy faoliyatida namoyon etayotgan pedagoglarga qaratiladi.
Vazirlik fikricha, ushbu yangilangan tartib o‘z ustida doimiy ishlaydigan, malakasini oshirib boradigan va yuqori natijaga erishadigan o‘qituvchilarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ta’lim sifati hamda o‘quvchilarning bilim darajasini yanada yuksaltirishga hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, dars soatlarini taqsimlashning ushbu yangi tartibi 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab barcha umumta’lim muassasalarida amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etiladi.






























Izohlar 0
…