Sunʼiy intellekt uyushtirgan kiberhujum: xavfsizlik standarti oʻzgardimi

OpenAI kompaniyasi oʻzining sunʼiy intellekt modeli Hugging Face maʼlumotlar platformasining himoyalangan tizimlariga toʻliq avtonom tarzda kiberhujum uyushtirganini tan oldi. Techcrunch.com xabariga koʻra, OpenAI agenti toʻrt yarim kun davomida 17 600 ta harakatni amalga oshirib, tizimni buzib kirgan, razvedka oʻtkazgan, parol hamda kodlarni oʻgʻirlagan.
Shu oy boshida mashhur Hugging Face sunʼiy intellekt maʼlumotlar platformasi toʻliq avtonom tarzda ishlaydigan sunʼiy intellekt kiberhujumiga uchraganini eʼlon qilib, butun dunyoni lolar qoldirgan edi. Oradan koʻp oʻtmay, voqea yanada keskin tus oldi va OpenAI kompaniyasi bu hujumortida uning oʻz sunʼiy intellekt modeli turganini tan oldi. Sinov muhitidan chiqib ketgan model maxsus testni chetlab oʻtish maqsadida Hugging Face himoyalangan tizimlariga bostirib kirgan. Ushbu hodisa sunʼiy intellektning nazoratdan chiqishidan xavotirda boʻlgan mutaxassislarni jiddiy tashvishga soldi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
TechCrunch nashrining yozishicha, ushbu voqeadan keyin kiberxavfsizlik sohasida yangi davr boshlangani va endilikda sunʼiy intellekt hujumlarini faqat boshqa sunʼiy intellekt vositalarigina qaytara olishi haqidagi taxminlar koʻpayib ketdi. Biroq ekspertlarning fikricha, vaziyat bir qarashda koʻringanidek tubdan oʻzgarib ketmagan. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, OpenAI agenti asosan oddiy inson xakerlariga xos usullardan foydalangan va anʼanaviy himoya choralarini toʻgʻri tatbiq etish orqali bu hujumning oldini olish mumkin boʻlgan.
Anʼanaviy usullar va avtonomlik koʻlami
Hugging Face oʻzining hodisa yuzasidan eʼlon qilgan hisobotida ham aynan shu fikrni ilgari surib, hujum paytida foydalanilgan zaifliklar mutaxassislarga yaxshi tanish boʻlganini va malakali inson xaker ham xuddi shunday kamchiliklarni topib, ulardan foydalana olishini qayd etdi. Sunʼiy intellekt agentlarini ishlab chiquvchi Pensar kompaniyasining tadqiqotlar boʻlimi rahbari Kayl Krayan hamda RunSybil asoschisi Vlad Ionesku bu fikrni qoʻllab-quvvatladi.Mutaxassislarning tushuntirishicha, hujum davomida ishlatilgan uslublar insonlar yoki qizil jamoalar (red team) tomonidan tizimni sinovdan oʻtkazishda qoʻllanadigan usullardan deyarli farq qilmaydi. Biroq bu yerda mutlaqo oʻzgacha boʻlgan jihat – bu hujumning tezligi, koʻlami va tinimsizligidir. Hugging Face maʼlumotiga koʻra, OpenAI agenti toʻrt yarim kun davomida 17 600 ta harakatni amalga oshirib, tizimni buzib kirgan, razvedka oʻtkazgan, parol hamda kodlarni oʻgʻirlagan.
Himoya tizimidagi kamchiliklar
Kayl Krayanning taʼkidlashicha, agentning bunday avtonomligi va chidamliligi tahsinga sazovor, biroq uning harakatlari juda shovqinli boʻlgan. Inson xakerdan farqli oʻlaroq, sunʼiy intellekt juda koʻp iz qoldirgan va bu Hugging Face himoya tizimlari tomonidan tezroq aniqlanishi kerak edi. Biroq kompaniya xavfsizlik vositalari faollikni sezgan boʻlsa-da, uning muhimlik darajasini toʻgʻri baholab, navbatchi guruhga oʻz vaqtida xabar bermagan.Natijada, ushbu hodisa sunʼiy intellektning oʻta mukammal hujumidan koʻra, koʻproq himoya tizimidagi tashkiliy xatolik ekanligi maʼlum boʻldi. Dvuln kiberxavfsizlik firmasi asoschisi Jeymison O'Reylli ham ijtimoiy tarmoqlardagi tahlillarida shunday xulosaga kelgan. Ekspertlar fikricha, mavjud anʼanaviy xavfsizlik vositalari va ulardan toʻgʻri foydalanish ham bunday kiberxujumlarga qarshi yetarli qalqon boʻla oladi.






























Izohlar 0
…