Rivian asos solgan Also kompaniyasi oʻzining ilk elektr velosipedlarini yetkazib berishni boshlaydi

Rivian tomonidan tashkil etilgan Also startapi bir necha oylik kechikishlardan soʻng oʻzining ilk TM-B rusumli elektr velosipedlarini xaridorlarga yetkazib berishni boshladi. Narxi 4,5 ming dollarni tashkil etuvchi Launch Edition maxsus turkumidagi barcha buyurtmalar sentyabr oyiga qadar egalariga topshirilishi kutilmoqda.
Elektr transport vositalari bozori ishtirokchisi Rivian tomonidan tashkil etilgan Also стартаpi bir necha oylik kechikishlardan soʻng oʻzining ilk TM-B rusumli elektr velosipedlarini xaridorlarga yetkazib berishni boshlashini eʼlon qildi. TechCrunch nashri xabar qilishicha, narxi 4,5 ming dollarni tashkil etuvchi Launch Edition maxsus turkumidagi velosipedlar ishlab chiqaruvchidan AQShdagi omborxonaga yoʻl olgan boʻlib, barcha buyurtmalar sentyabr oyiga qadar egalariga topshirilishi kutilmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Also loyihasi dastlab 2022 yilda Rivian kompaniyasi ichida yashirin eksperiment sifatida boshlangan edi. Rivian bosh direktori RJ Scaringe ochiq tabiat qoʻynida hordiq chiqarishni xush koʻruvchilar uchun moʻljallangan elektr transport vositalari qatorini elektr velosiped bilan toʻldirish maqsadida ushbu gʻoyani oʻrganib chiqqan edi. Kompaniya bir necha yil davomida ishlanmalar ustida bosh qotirib, hatto dizaynning dastlabki bosqichida mashhur dizayner Jony Iveʼga tegishli LoveFrom agentligini ham jalb qilgan.
2025 yil mart oyida Rivian Also kompaniyasini mustaqil korxona sifatida ajratib chiqargan va Eclipse fondidan 105 million dollar miqdorida sarmoya jalb etilgan. Startap oʻzining ilk TM-B elektr velosipedini oʻsha yilning oktyabr oyida omma eʼtiboriga havola etgandi. Dastlab mahsulotni 2026 yilning bahorida sotuvga chiqarish rejalashtirilgan edi, biroq global taʼminot zanjiridagi uzilishlar sababli muddat iyul oyiga surilgandi.
Taʼminot zanjiridagi muammolar va mijozlar eʼtirozi
Kompaniya vakillarining maʼlum qilishicha, yetkazib berish muddatining oʻzgarishiga global taʼminot zanjirlaridagi jiddiy bosim sabab boʻlgan. Xomashyo va elektron komponentlarga boʻlgan talabning keskin ortishi TM-B velosipedlari uchun zarur boʻlgan asosiy qismlarni yetkazib berishda vaqtincha qiyinchiliklarni keltirib chiqargan. Shunga qaramay, muhandislik va ishlab chiqarish jamoalari xavfsizlik hamda sifat standartlaridan aslo voz kechmagan holda ishni jadallashtirgan.Shu bilan birga, bir necha oylik kechikishlar xaridorlarning hafsalasini pir qilib, muloqot yetishmasligidan noroziliklarga sabab boʻldi. Reddit platformasining r/ALSOmicromobility boʻlimida foydalanuvchilar kompaniyaning aniq muddatlarni oʻz vaqtida yetkaza olmagani va yetarli darajada maʼlumot bermaganini qattiq tanqid qilishdi. Also rahbariyati aynan qaysi butlovchi qismlar kechikishga sabab boʻlganini oshkor qilishni istamagan boʻlsada, mijozlarga xizmat koʻrsatish vaqtida yuzaga kelgan ushbu muammolarni bartaraf etishga harakat qilmoqda.
Also kompaniyasining kelgusidagi ulkan rejalari
Also oʻzini oddiy velosiped ishlab chiqaruvchisi emas, balki keng qamrovli transport kompaniyasi sifatida koʻradi. Startap kelgusida Amazon uchun toʻrt gʻildirakli pedalli yuk tashish vositalarini ishlab chiqishni rejalashtirgan. Shuningdek, kompaniya DoorDash uchun avtonom yetkazib berish transport vositasi ustida ham ish olib bormoqda.Biroq hozirgi bosqichda Also uchun eng asosiy vazifa — oʻzining ilk mahsuloti boʻlgan TM-B elektr velosipedlarini muvaffaqiyatli yetkazib berish va isteʼmolchilar bilan yuzaga kelgan ishonchsizlik muammolarini hal etishdan iborat.






























Izohlar 0
…