Darknetga Boeing samolyotlarining maxfiy chizmalari sizib chiqdi

Boeing 737 va Boeing 787 samolyotlariga oid 70 gigabayt hajmdagi texnik hujjatlar va muhandislik chizmalari darknetda 200 ming AQSh dollariga sotuvga qo'yildi. Arxivda ishchi chizmalar, STEP-fayllar, 3D modellar, materiallar spetsifikatsiyasi, ishlab chiqarish jihozlari va detallarni yasash jarayonlariga oid ma'lumotlar borligi aytilmoqda.
Jahon aviatsiyasining yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan biri boʻlgan Boeing kompaniyasiga tegishli muhim texnik hujjatlar va muhandislik chizmalari darknetda sotuvga qoʻyildi. Mazkur holat nafaqat korporativ xavfsizlikka, balki xalqaro darajadagi eksport nazoratiga ham jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
ixbt.com maʼlumotiga koʻra, nomaʼlum xaker umumiy hajm 70 gigabaytni tashkil etuvchi yirik arxivni sotuvga chiqargan. Ushbu hujjatlar Boeing 737 va Boeing 787 laynerlarini ishlab chiqarish jarayonlari bilan bevosita bogʻliq boʻlib, ular uchun 200 ming AQSh dollari miqdorida narx belgilangan. Shu bilan birga, sotuvchi narxni muhokama qilishga tayyorligini bildirgan.
Sizib chiqqan maʼlumotlar tarkibi va manbasi
Mutaxassislarning tahlil qilishicha, maʼlumotlarning taxminiy manbasi sifatida AQShda faoliyat yurituvchi va Yaponiyaning Sekisui Chemical korporatsiyasiga tegishli boʻlgan SEKISUI Aerospace kompaniyasi koʻrsatilmoqda. Ushbu korxona kompozitsion hamda termoplastik materiallardan aviatsiya komponentlarini ishlab chiqarib, Boeing dasturlari uchun asosiy yetakchi taʼminotchilardan biri sanaladi.Sotuvchining taʼkidlashicha, qoʻlga kiritilgan arxiv quyidagi muhim texnik materiallarni oʻz ichiga oladi:
- PDF formatidagi ishchi chizmalar va muhandislik STEP-fayllari
- Uch oʻlchamli (3D) modellar hamda material va butlovchi qismlar spetsifikatsiyalari
- Ishlab chiqarish jihozlari haqidagi maʼlumotlar va detallarni yasash texnologik jarayonlari tavsifi
- Boeing katalog raqamlari, fyuzelyaj, qanot, kuch tuzilmalari va interyer elementlariga oid hujjatlar
Xavfsizlik va eksport nazorati masalalari
Mutaxassislar taqdim etilgan maʼlumotlar orasida AQShning eksport nazorati bilan tartibga solinuvchi maxsus markirovkaga ega hujjatlar borligini alohida taʼkidlamoqda. Agar ushbu fayllar haqiqatan ham asliga mos va toʻgʻri boʻlsa, ularning uchinchi shaxslarga sotilishi texnik maʼlumotlarni uzatish hamda eksport qilish boʻyicha qатʼiy amerikalik cheklovlarning buzilishiga olib kelishi mumkin.Maʼlumot uchun, SEKISUI Aerospace faqatgina Boeing bilan cheklanib qolmaydi. Kompaniyaning mijozlari va hamkorlari qatoriga Spirit AeroSystems, Triumph Group, shuningdek, NASA, Lockheed Martin va Northrop Grumman kabi yirik aerokosmik tashkilotlar ham kiradi. Biroq, hozircha mazkur keng koʻlamli sizib chiqish boshqa muassasalarning maxfiy materiallariga daxl qilgani haqida hech qanday rasmiy tasdiq yoʻq.






























Izohlar 0
…