Subaru elektromobillari kompaniyaga qanchaga tushmoqda

Subaru elektromobillarini sotishni qo'llab-quvvatlash uchun katta chegirma va bonuslar berayotgani sababli moliyaviy ko'rsatkichlari jiddiy yomonlashdi. Yanvar-iyul oylarida kompaniya AQShda 11 638 ta elektromobil sotdi, biroq har bir Solterra uchun 9 650 dollar, Uncharted uchun 9 155 dollar va Trailseeker uchun 8 982 dollar rag'batlantiruvchi mablag' sarfladi. Bu xarajatlar benzin dvigatelli Subaru Outback uchun sarflanadigan 3 036 dollardan qariyb uch barobar yuqori bo'ldi.
Subaru kompaniyasi AQSh bozorida elektromobillar savdosini kengaytirishga muvaffaq boʻldi, biroq bu muvaffaqiyat avtomobil ishlab chiqaruvchining moliyaviy koʻrsatkichlariga jiddiy putur yetkazmoqda. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, xaridorlarni jalb qilish va talabni qoʻllab-quvvatlash uchun kompaniya har bir elektr krossoverga minglab dollargacha chegirma va ragʻbatlantiruvchi bonuslar taqdim etishga majbur boʻlmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Joriy yilning yanvar–iyul oylari davomida Subaru AQShda jami 11 638 ta elektromobil sotdi. Bugungi kunda brendning elektrlashtirilgan qatori uchta krossoverni oʻz ichiga oladi: yangilangan Solterra, yangi Uncharted hamda kattaroq oʻlchamdagi Trailseeker modellari. Yangi modellar hisobiga umumiy koʻrsatkichlar oʻtgan yilgi davrga nisbatan oʻsgan boʻlsa-da, modellarning oʻz bozoridagi taqsimoti turlicha kechmoqda.
Sotuvlar dinamikasi va narx siyosati
Statistik maʼlumotlarga koʻra, Solterra modeli savdosi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 34 foizga qisqarib, 5 275 tani tashkil etdi. Biroq yangi chiqqan Uncharted (2 850 dona) va Trailseeker (3 513 dona) modellari mazkur pasayishni qoplab berdi. Shunga qaramay, mazkur savdo hajmini ushlab turish kompaniya uchun oʻta qimmatga tushmoqda.Kompaniyaning AQShdagi oʻrtacha marketing va ragʻbatlantirish xarajatlari 40 foizga oshib, har bir sotilgan avtomobil uchun 2 698 dollarni tashkil qildi. Taqqoslash uchun, butun AQSh avtomobil bozorida bu oʻsish atigi 4,4 foizni tashkil etgan xolos. Elektr transport vositalarini targʻib qilish esa bu koʻrsatkichdan bir necha barobar yuqori.
Moliyaviy yoʻqotishlar va ularning sabablari
Xususan, har bir sotilgan Solterra uchun oʻrtacha 9 650 dollar, Uncharted uchun 9 155 dollar, Trailseeker uchun esa 8 982 dollar miqdorida «ragʻbatlantiruvchi» mablagʻ sarflanmoqda. Solishtirish uchun, anʼanaviy benzin dvigatelidagi Subaru Outback modeliga qilinadigan xarajatlar taxminan 3 036 dollarni tashkil qiladi. Demak, bitta elektromobilni xaridorga yetkazish kompaniyaga benziniy avtomobildan uch barobar qimmatroqqa tushmoqda.Ushbu yuqori xarajatlar Subaru korporatsiyasining moliyaviy hisobotlarida yaqqol aks etdi. Aprel–iyun oylarini oʻz ichiga olgan birinchi moliyaviy chorakda savdolarni ragʻbatlantirish xarajatlarining oshishi kompaniyaning operatsion foydasini 24,9 milliard yenaga (taxminan 155 million dollar) qisqartirdi.
Natijada, Subaruʼning choraklik operatsion foydasi 44 foizga pasayib, 42,6 milliard yenani (taxminan 270 million dollar) tashkil etdi. Mutaxassislar fikricha, elektromobillarni subsidiyalash va qoʻllab-quvvatlash moliyaviy koʻrsatkichlarning yomonlashishiga olib kelgan asosiy omillardan biriga aylandi.
Shuni ham taʼkidlash joizki, hozirgi kunda AQSh bozorida faqatgina Subaru emas, balki boshqa yirik yapon brendlari ham shunday qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Jumladan, Mazda kompaniyasida ham gibrid flagmanlari boʻlgan CX-70 va CX-90 modellarini sotishda muammolar kuzatilmoqda.






























Izohlar 0
…