YouTube kontent yaratuvchilar uchun daromad shartlarini keskin oʻzgartirdi

YouTube yangi mualliflar uchun monetizatsiya talablarini oshirib, YouTube Partner Program'ga qo'shilish uchun so'nggi bir yil ichida 8 ming soat tomosha vaqti yoki oxirgi 90 kun ichida Shorts videolarida 20 million ko'rish talabini belgiladi. Yangi qoidalar joriy yilning 1-fevralidan kuchga kiradi va amaldagi YouTube Partner Program a'zolariga ta'sir qilmaydi.
Google kompaniyasiga qarashli YouTube platformasi yangi mualliflar uchun monetizatsiya shartlari sezilarli darajada qatʼiylashishini eʼlon qildi. Ushbu oʻzgarishlar platformada ilk bor daromad topishni niyat qilgan ijodkorlardan ikki baravar koʻp vaqt va faollik talab etishini anglatadi va raqamli ijod olamida katta muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
ixbt.com maʼlumotiga koʻra, yangi qoidalarga muvofiq, YouTube Partner Programʼga qoʻshilib, reklama va obunalardan pul ishlay boshlash uchun ijodkorlar soʻnggi bir yil davomida kamida 8 ming soatlik tomosha vaqtini toʻplashi yoki oxirgi 90 kun ichida Shorts videolari orqali 20 million marta koʻrish koʻrsatkichiga erishishi shart boʻladi. Eslatib oʻtamiz, amaldagi talablar 4 ming soatlik tomosha vaqti va 10 million Shorts koʻrishini oʻz ichiga olgan edi.
Mazkur yangiliklar joriy yilning 1-fevralidan boshlab kuchga kirishi belgilangan. Biroq kompaniya vakillarining taʼkidlashicha, ushbu oʻzgarishlar allaqachon YouTube Partner Program aʼzosi boʻlib ulgurgan amaldagi mualliflarga taʼsir koʻrsatmaydi. Ularning daromad olish shartlari oʻzgarmicha qoladi.
Shorts mualliflari uchun yangi talablar
Shuningdek, YouTube Shorts Creators Pool orqali daromad olishni davom ettirish uchun ham mualliflar har 90 kunlik davrda 10 millionlik koʻrish chegarasini saqlab turishi zarurligini maʼlum qildi. Agar kanal bu koʻrsatkichdan pastga tushib ketsa, u hamkorlik dasturida qoladi va uzun formatdagi videolardan daromad olishni davom ettiradi, biroq Shorts daromadlari faqat koʻrsatkichlar qayta tiklangandagina tiklanadi.Kompaniyaning rasmiy bayonotida aytilishicha, bunday cheklovlar YouTube platformasining jadal oʻsish surʼatlariga moslashish maqsadida joriy etilmoqda. Bugungi kunda platformada kuniga 200 milliarddan ortiq Shorts koʻrishlari qayd etiladi va televizor ekranlarida bir milliard soatdan ziyod kontent tomosha qilinadi.
Bozor konteksti va boshqa platformalar
Yangi qoidalar yangi mualliflar uchun YouTube monetizatsiya dasturiga kirish va unda qolishni qiyinlashtiradi. Bu esa oʻz navbatida yosh ijodkorlarga katta auditoriyani doimiy ravishda jalb etish borasida qoʻshimcha bosim oʻtkazib, yangi ishtirokchilarning tez daromad koʻrish imkoniyatini cheklashi mumkin.Shu bilan birga, YouTube oʻzining yanada hamyonbop boʻlgan Premium Lite obuna xizmatini YouTube Premium mavjud boʻlgan barcha mamlakatlarga kengaytirayotganini eʼlon qildi. Ushbu obunadan tushadigan daromadning 55 foizi uzun formatli video mualliflariga, 45 foizi esa Shorts ijodkorlariga taqsimlanadi.
Taʼkidlash joizki, ijtimoiy tarmoqlar bozori va raqamli platformalar oʻzlarining ragʻbatlantirish dasturlarini faol ravishda qayta koʻrib chiqmoqda. Masalan, Elon Musk rahbarligidagi X (sobiq Twitter) platformasi ham mualliflar mukofotlarini yangilab, faqat original kontentni taqdirlashga oʻtgan boʻlsa, Facebook ham TikTok va YouTube mualliflarini oʻziga jalb etish uchun yangi dasturlarni ishga tushirgan edi.






























Izohlar 0
…