Xitoy olimlari o‘zini tiklaydigan yangi mato yaratdi

Xitoyning Shenchjen ilg'or texnologiyalar instituti olimlari Cordyceps militaris qo'ziqorini mitseliyidan o'zini o'zi tozalaydigan, eskirgan sirtini yangilaydigan va yirtilgan joylarini qayta tiklaydigan mato yaratdi. Yirtilgan qismga kartoshka qaynatilgan maxsus ozuqaviy suv va tirik qo'ziqorin bo'lagi qo'yilganda, materialdagi “mudroq” tolalar faollashib, shikastlangan joyni chok yoki yelimsiz tiklaydi.
Xitoyning Shenchjen ilg‘or texnologiyalar instituti olimlari kiyim-kechak sanoatida kelajak texnologiyasi sifatida baholanayotgan yangi mato turini yaratdi. Cordyceps militaris qo‘ziqorini mitseliysi asosida tayyorlangan mazkur material o‘zini o‘zi tozalash, eskirgan sirtini yangilash va eng muhimi, yirtilgan joylarini qayta tiklash xususiyatiga ega.
Matoning yana bir g‘ayrioddiy jihati — u kiyim shakliga keltirilganidan keyin ham tiriklik xususiyatini saqlab qoladi.
Mato yirtilsa, qanday tiklanadi?
Yirtilgan yoki teshilgan joyga kartoshka qaynatilgan maxsus ozuqaviy suv surtilib, ustiga ozgina tirik qo‘ziqorin bo‘lagi qo‘yiladi. Shunda mato tarkibidagi “mudroq” tolalar faollashib, yana o‘sishni boshlaydi va shikastlangan joyni yelim yoki choklarsiz tabiiy ravishda tiklaydi.
Bundan tashqari, material suv o‘tkazmaydi. Shu sababli uning yuzasiga tushgan kirlar suv bilan osongina sirg‘alib tushadi va kiyim o‘zini ma’lum darajada tozalaydi.
Professor Ke Li boshchiligidagi tadqiqotchilar qo‘ziqorin tolalaridan matoning asosi sifatida foydalanmoqda. Unga boshqa xamirturush yoki zamburug‘larni qo‘shish orqali tabiiy rang berish yoki uni ultrabinafsha nurlardan himoya qilish mumkin.
Yangi matoning imkoniyatlari
Mato 45 daraja issiqda quritilganda “mudroq” holatga o‘tadi va ozuqaviy eritma berilmaguncha o‘smaydi. Shuningdek, undan tayyorlangan atigi to‘rtta ingichka tasma 1 kilogramm yukni ko‘tarishga bardosh beradi.
Glitserin bilan ishlov berilganda esa material oddiy kiyim kabi yumshoq va egiluvchan bo‘ladi. Uni kesish, tikish va buklash ham mumkin.
Yana bir muhim jihati — ekologik tozaligi. Material yerga ko‘milganda taxminan 41 kun ichida tuproqqa aralashib, parchalanib ketadi. Bu esa plastik va sintetik chiqindilarni kamaytirishga yordam berishi mumkin.
Hali sinovlar davom etmoqda
Shunga qaramay, ixtironing hali yechimini kutayotgan jihatlari bor. Olimlar matoni kir yuvish mashinasida sinab ko‘rmagan, uning havo o‘tkazishi va uzoq muddatga chidamliligi ham to‘liq o‘rganilmagan.
Qolaversa, hozircha yirtilgan joyni tiklash uchun maxsus eritmani insonning o‘zi qo‘lda surtishi kerak.
Olimlar Peyelshere kiyim brendi bilan hamkorlikda ushbu materialdan ilmiy-fantastik filmlardagi kiyimlarga o‘xshash ko‘ylak ham tayyorlab ko‘rgan.
Ekspertlarning fikricha, yangi matoni ommaviy ishlab chiqarishga hali vaqt bor. Ammo ushbu texnologiya kelajakda biologik xususiyatlarini turli vazifalarga moslashtirish mumkin bo‘lgan “jonli kiyimlar” davriga yo‘l ochishi ehtimoldan xoli emas.






























Izohlar 0
…