Anthropic sunʼiy intellekt matnlarini maxsus belgilar bilan belgilaydi

Anthropic 2-avgustdan keyin chiqarilgan barcha modellari yaratgan matnlar va fayllarga maxsus raqamli belgilar qo'shadi. Fayllarda C2PA texnologiyasi, matnlarda esa model darajasidagi yashirin usullar qo'llanadi. Belgilar matnga singdirilgani sababli nusxalash yoki ayrim tahrirlash jarayonlaridan keyin ham saqlanib qolishi mumkin.
Sunʼiy intellekt sohasidagi yetakchi kompaniyalardan biri boʻlgan Anthropic oʻzining neyrotarmoqlari, jumladan Claude modellari tomonidan yaratilgan matnlarga maxsus raqamli belgilar qoʻshishini maʼlum qildi. Ixbt.com nashrining xabar berishicha, mazkur qadam Yevropa Ittifoqining sunʼiy intellekt boʻyicha qatʼiy qoidalariga toʻliq moslashish maqsadida tashlanmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Yevropa Ittifoqining Sunʼiy intellekt toʻgʻrisidagi qonuni doirasidagi Shaffoflik kodeksi joriy yilning 2-avgustidan boshlab kuchga kirdi. Ushbu hujjat sunʼiy intellekt ishlab chiqaruvchilaridan kompyuter yordamida yaratilgan yoki tahrirlangan kontentni boshqa tizimlar osonlikcha tanib olishini taʼminlaydigan usullar bilan belgilab borishni talab qiladi. Shundan kelib chiqib, Anthropic kompaniyasi oʻz siyosatini yangilashga majbur boʻldi.
Yangi texnologiya qanday ishlaydi?
Kompaniyaning yangilangan qoʻllab-quvvatlash sahifasida keltirilishicha, 2-avgustdan keyin chiqarilgan barcha modellar matnlar hamda fayllarni avtomatik ravishda raqamli belgilar bilan taʼminlaydi. Fayllar uchun ochiq standart hisoblangan C2PA texnologiyasi qoʻllanilayotgan boʻlsa, matnlar uchun model darajasidagi yashirin usullar ishga tushiriladi.Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ushbu raqamli belgilar matnning oʻziga singdirib yuboriladi. Natijada foydalanuvchi maʼlumotni nusxalab boshqa joyga qoʻchirgan taqdirda ham, belgi matn bilan birga koʻchib oʻtadi va hatto muayyan tahrirlash jarayonlariga ham bardosh bera oladi. Hozircha foydalanuvchilar matndan ushbu belgini butunlay yoʻq qilish uchun uni qanchalik oʻzgartirishi kerakligi nomaʼlum qolmoqda.
Sanoat miqyosidagi oʻzgarishlar
Raqamli belgilash tizimi Claude platformasi API, Claude ilovasi, shuningdek, Claude Code, Claude Cowork va Claude Tag kabi turli xizmatlarga tatbiq etiladi. Anthropic kompaniyasi vaqt oʻtishi bilan ushbu qoʻllab-quvvatlashni eski modellarga ham kengaytirishni rejalashtirmoqda.Soʻnggi paytlarda yirik texnologiya gigantlari va platformalar foydalanuvchilarning eʼtirozlari hamda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan huquqiy muammolarning oldini olish uchun sunʼiy intellekt kontentini belgilashga shoshilmoqda. Xususan, oʻtgan hafta Suno musiqiy platformasi ham oʻz tizimida yaratilgan treklarni belgilashini eʼlon qilgandi.
Shuningdek, Google, Meta, Microsoft, OpenAI, Black Forest Labs va Synthesia kabi yetakchi tashkilotlar ham Yevropa Ittifoqining mazkur shaffoflik kodeksiga rioya qilish majburiyatini olgan. Ekspertlarning fikricha, bunday tashabbuslar kelgusida raqamli muhitda haqiqiy va sunʼiy intellekt yaratgan kontentni farqlashni sezilarli darajada osonlashtiradi.






























Izohlar 0
…