NASA Neil Gehrels Swift teleskopini qayta ishga tushirdi

NASA kosmik agentligi oʻzining afsonaviy Neil Gehrels Swift orbital observatoriyasini ilmiy kuzatuvlar rejimiga qaytardi. ixbt.com xabar berishicha, qurilma orbital pasayishini sekinlashtirishga qaratilgan maxsus rejimdagi oylik tanaffusdan soʻng yana oʻz vazifasini bajarishga kirishgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 26-avgust kuni mutaxassislar uchta ilmiy asbobdan ikkitasini — XRT rentgen teleskopi hamda UVOT ultrabinafsha va optik teleskopini qayta yoqishgan. Mazkur uskunalar aerodinamik qarshilikni kamaytirish va apparatning orbitada qolish muddatini uzaytirish maqsadida fevral oyida oʻchirilgan edi.
Fazoviy asboblar va qutqaruv missiyasining muvaffaqiyatsizligi
Hozircha uchinchi asbob — BAT gamma-nurlar teleskopi oʻchirilgan holda qolmoqda. U aprel oyida energiya tejamkorligi va quyosh batareyalari yoʻnalishini oʻzgartirish orqali atmosfera qarshiligini yanada kamaytirish uchun toʻxtatilgan edi. NASA vakillarining rejasiga koʻra, mazkur qurilma ham yaqin haftalar ichida toʻliq ishga tushiriladi.Aslida Swift teleskopini yuqoriroq orbitaga olib chiqish uchun Katalyst Space kompaniyasining LINK xususiy apparatidan foydalanish rejalashtirilgan edi. 3-iyul kuni amalga oshirilgan uchishdan soʻng kosmik kema observatoriya bilan yaqinlashib, uni qamrab olishi kerak edi. Biroq missiya reja boʻyicha ketmadi: orientatsiya tizimining uchta mahorigidan ikkitasi ishdan chiqdi va harakatlantiruvchi qurilma oʻz funksiyasini qisman yoʻqotdi. Oqibatda, 19-avgust kuni NASA va Katalyst ushbu urinishdan rasman voz kechdi.
Teleskopning kelajagi va yakuniy bosqich
2004-yilda koinotga uchirilgan Swift dastlab atigi ikki yillik xizmat muddatiga moʻljallangan boʻlsa-da, bugunga kelib 21 yildan ortiq vaqt davomida muvaffaqiyatli ishlab kelmoqda. Bu davr mobaynida u gamma-chaqnashlar va boshqa qisqa muddatli kosmik hodisalarni oʻrganishdagi asosiy vositalardan biriga aylandi.Biroq asosiy muammo shundaki, teleskopning oʻz harakatlantiruvchi tizimi mavjud emas. Yuqori quyosh faolligi sababli Yer atmosferasining yuqori qatlamlari kengayib, qarshilik kuchaydi va qurilmaning orbitasi tezroq pastlab bormoqda. NASA bahosiga koʻra, yaqin bir-ikki oy ichida Swift taxminan 300 kilometr balandlikka tushadi va shundan soʻng qulash jarayoni tezlashadi. Agar orbitani koʻtarishning boshqa usuli topilmasa, observatoriya 2026-yilning oxirigacha Yer atmosferasiga kirib, asosan yonib ketishi kutilmoqda. Ungacha esa qurilma oʻzining ilmiy dasturini bajarishda davom etadi.






























Izohlar 0
…