Huawei Pura X View taqdim etildi: keng ekran va 7000 mA•soat batareya

Huawei kompaniyasi texnologiya bozorida oʻziga xos inqilob qilib, dunyodagi ilk keng ekranli displeyga ega smartfon — Huawei Pura X View modelini rasman taqdim etdi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, mazkur qurilma nafaqat noodatiy shakl-shamoyili, balki oʻta yupqa korpusiga sigʻdirilgan ulkan akkumulyatori hamda ilgʻor texnik xususiyatlari bilan eʼtiborni tortmoqda. Yangi flagman foydalanuvchilarga kontentni koʻrish va kundalik vazifalarni bajarishda butunlay boshqacha tajriba taqdim etishni maqsad qilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi smartfon 6,39 dyuymli, maydoni 114,27 kvadrat santimetr boʻlgan noyob keng ekranli panel bilan jihozlangan. Qizigʻi shundaki, ushbu ekran maydoni jihatidan hatto 6,9 dyuymli iPhone 17 Pro Max displeyidan ham kattaroqdir. Displey old panelning naqd 96,1 foizini egallaydi. Shunga qaramay, korpusning qalinligi atigi 6,68 millimetrni, ogʻirligi esa 201 grammni tashkil etadi.
Displey imkoniyatlari va unumdorlik
Huawei kompaniyasi rahbariyatining taʼkidlashicha, bunday keng formatli ekran koʻp qirrali boʻlib, foydalanishda katta qulayliklar yaratadi. Xususan, odatdagi anʼanaviy ekranli smartfonlar bilan taqqoslaganda, videolarni tomosha qilishda foydali maydon 16 foizga, vertikal rejimda veb-sahifalarni varaqlashda esa 21 foizga oshadi. Ishlab chiqaruvchi mazkur gadjetni elektron kitob, oʻyin qurilmasi, filmlar tomoshasi uchun vosita va samarali ishchi asbob sifatida pozitsiyalashtirmoqda.Smartfon unumdorligi uchun Kirin 9030S protsessori hamda HarmonyOS 7 operatsion tizimi masʼul hisoblanadi. Huawei maʼlumotiga koʻra, yangi avlod protsessori oʻtmishdoshiga nisbatan umumiy unumdorlikning 28 foizga oshganini taʼminlaydi. Shuningdek, maxsus HyperSpace Memory texnologiyasi 12 gigabaytli tezkor xotiraga 16 gigabayt darajasida ishlash imkonini beradi. Qurilma ikkita jismoniy SIM-karta va ikkita eSIM standartini, shuningdek, matn hamda tasvirlarni yuborish imkoniyatiga ega BeiDou yoʻldosh aloqasini qoʻllab-quvvatlaydi.
Kamera salohiyati va narxi
Suratga olish imkoniyatlari borasida ham Huawei Pura X View oʻz sinfida yetakchilardan biri boʻlishga daʼvogarlik qilmoqda. Asosiy kamera optik stabilizatsiya tizimi (OIS) bilan jihozlangan 200 megapikselli sensorga ega. Unga OIS qoʻllab-quvvatlaydigan 50 megapikselli telefoto obyektiv va 8 megapikselli oʻta keng burchakli modul hamrohlik qiladi. Ushbu kombinatsiya istalgan yorugʻlik sharoitida yuqori sifatli suratlar va videolarni olishni kafolatlaydi.Shuningdek, ixbt.com xabariga koʻra, muhandislar bunday yupqa korpus ichiga 7000 mA•soat sigʻimli batareyani joylashtirishga muvaffaq boʻlgan. Bu esa foydalanuvchilarga quvvat haqida qaygʻurmasdan uzoq vaqt davomida faol ishlash imkonini beradi. 12 gigabayt tezkor va 256 gigabayt doimiy xotiraga ega bazaviy versiyaning narxi 900 AQSh dollarini tashkil etadi. Smartfonning rasmiy savdolari joriy yilning 9-sentabridan boshlanishi rejalashtirilgan.






























Izohlar 0
…