LG televizorlaridagi zaifliklar: ovoz yozish va xavfsizlik masalalari

Zamonaviy aqlli qurilmalar xavfsizligi yana bir bor mutaxassislar diqqat markazida boʻldi. Gamers Nexus nashri va mustaqil kiberxavfsizlik mutaxassislari olib borgan keng qamrovli tekshiruv LG televizorlarining webOS operatsion tizimida potensial xavfli xususiyatlar hamda zaifliklar mavjudligini aniqladi. Tadqiqot natijalariga koʻra, maxsus ekspluatatsiya usullari yordamida televizorni ekrani oʻchirilgan holatda ham ovoz yozishga majburlash mumkinligi maʼlum boʻldi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, olib borilgan tajribalar LG kompaniyasi oʻz foydalanuvchilarining suhbatlarini doimiy ravishda yashirincha yozib borishini yoki ularni oʻz serverlariga uzatishini isbotlamaydi. Mutaxassislar aniqlagan ovoz yozish imkoniyati oddiy shtatdagi funksiya emas, balki webOS tizimidagi mavjud zaifliklarni suiisteʼmol qilish evaziga amalga oshirilgan. Shunga qaramay, aniqlangan muammolar foydalanuvchilar maxfiyligi borasida qator savollarni tugʻdiradi.
Tadqiqot tafsilotlari va tarmoq faolligi
Sinov jarayonida bir nechta LG qurilmalari, jumladan, 2025-yilgi OLED G5 avlodiga mansub televizor ham tekshiruvdan oʻtkazildi. Proshivka va tarmoq trafigini tahlil qilish davomida qurilmaning lokal tarmoqdagi boshqa gadjetlarni, jumladan, ichki IP- hamda MAC-manzillarni, qurilma nomlarini va signal xarakteristikalarini faol skanerlashi aniqlandi. Shuningdek, yaqin atrofdagi Wi-Fi tarmoqlari, ularning SSID koʻrsatkichlari, kanallari va signal darajalari toʻgʻrisida ham maʼlumot yigʻilishi qayd etildi.Tadqiqotchilar barcha tarmoq trafigini toʻliq shifrdan chiqarishga muvaffaq boʻlishmagani bois, uzatilayotgan har bir paketning aniq mazmuni va vazifasini toʻliq oʻrnata olishmadi. Shunga qaramay, yigilayotgan shtatli telemetriya hajmi va lokal tarmoqdagi faollik xavfsizlik mutaxassislarida haqli ravishda eʼtiborni tortdi.
ACR texnologiyasi va reklama tahlili
Tekshiruv davomida foydalanuvchi nimani tomosha qilayotganini aniqlashga moʻljallangan Automatic Content Recognition (ACR) texnologiyasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu tizim audio va video kontentning raqamli izlarini shakllantirib, ularni maʼlumotlar bazasi bilan solishtiradi. Olingan maʼlumotlar tahlil hamda reklamani shaxsiylashtirish maqsadida ishlatilishi mumkin.Maʼlumotlarga koʻra, ACR funksiyasi HDMI orqali ulangan tashqi qurilmalardagi kontentni tomosha qilish jarayonida ham ishlay oladi. Yigʻilgan telemetriya maʼlumotlari LG Ad Solutions reklama boʻlinmasi xizmatiga yoʻnaltirilishi mumkin. Ammo bu mexanikani mikrofonning zaiflik orqali yozib olinishi holati bilan adashtirmaslik lozim.
Mikrofon xavfsizligi va mutaxassislar tavsiyalari
Tadqiqotning eng jiddiy qismi aynan webOS xavfsizlik kamchiliklariga taalluqli boʻldi. Eksperiment davomida mutaxassislar ulangan mikrofondan ekrani vizual ravishda oʻchirilgan holatda ham ovoz yozishga erishdilar. Qurilma tarmoqdan uzilganda ham yozib olingan audio uning lokal xotirasida saqlanib qolgan va keyinchalik topilgan zaifliklar yordamida mazkur faylga kirish imkoni topilgan.Hozirgi kunda tadqiqotchilar masʼuliyatli oshkor qilish (responsible disclosure) tartib-qoidalariga amal qilgan holda, ishlab chiqaruvchiga zaifliklarni bartaraf etish uchun vaqt bermoqda, shu bois baʼzi maʼlumotlar hozircha eʼlon qilinmayapti. Gamers Nexus maʼlumot yigʻishni imkon qadar cheklashni istovchi foydalanuvchilarga Smart TV televizorlarini internet tarmogʻidan uzib qoʻyishni va striming xizmatlari uchun alohida media-pristavka ishlatishni tavsiya etadi.






























Izohlar 0
…