LG Smart TV foydalanuvchilar suhbatini yashirin yozib oladimi? Kompaniya tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi

LG Smart TV foydalanuvchilar suhbatini yashirin yozib oladimi? Kompaniya tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • LG Electronics Uzbekistan tarqalgan LG Smart TV televizorlari foydalanuvchilar suhbatini yashirin yozib oladi degan xabarlarni rad etdi.
  • Kompaniya rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, ovozli boshqaruv faqat foydalanuvchi tugmani bosganda yoki maxsus kalit ibora aytilgandagina ishlaydi va bu jarayon faqat televizorning o‘zida amalga oshiriladi.
  • ACR texnologiyasi ham sukut bo‘yicha o‘chirilgan bo‘lib, uni yoqish yoki o‘chirish foydalanuvchining ixtiyorida.

So‘nggi kunlarda xorijiy OAV va internet nashrlarida LG Smart TV televizorlari foydalanuvchilarning shaxsiy suhbatlarini yashirincha yozib olishi, ma’lumotlarni ichki xotirada saqlab, serverlarga uzatishi haqida xabarlar keng tarqaldi. Mazkur da’volar O‘zbekistondagi ko‘plab foydalanuvchilar orasida ham xavotir va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida LG Electronics Uzbekistan rasmiy bayonot bilan chiqib, tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi hamda televizorlarning ovozli boshqaruv va ma’lumotlarni qayta ishlash tizimi qanday ishlashini batafsil tushuntirdi.

Doimiy yozib olish yo‘q: ovozli boshqaruv qanday ishlaydi?

Kompaniya bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, LG Smart TV televizorlari foydalanuvchilarning kundalik suhbatlarini uzluksiz yozib olmaydi yoki serverlarga uzatmaydi:

Faqat faollashtirilganda ishlaydi: Nutqni matnga aylantirish jarayoni faqat foydalanuvchining o‘zi masofadan boshqarish pultidagi ovozli buyruq tugmasini bosganda yoki maxsus kalit ibora aytilgandagina ishga tushadi.

Mahalliy tahlil: Kalit iborani tanib olish uchun audio ma’lumotlar to‘g‘ridan to‘g‘ri televizorning o‘zida (lokal tarzda) qayta ishlanadi. Agar kalit ibora yangramasa, ovoz saqlanmaydi, matnga aylantirilmaydi va begona tarmoqlarga yuborilmaydi.

Ulanishsiz yozuvlar to‘planmaydi: Tarmoq uzilgan paytda ovozlar ichki xotiraga to‘planib, internet paydo bo‘lgach serverga yuborilishi haqidagi da’volar rad etildi. Texnik qaydlar (loglar) faqat faol ovozli so‘rov bajarilgan aniq vaziyatlargagina tegishli bo‘lib, doimiy audio yozuv bilan bog‘liq emas.

ACR tizimi va shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi

Ommaviy axborot vositalarida eng ko‘p tilga olingan jihatlardan biri — bu ACR (Automatic Content Recognition — kontentni avtomatik aniqlash) texnologiyasidir. LG ushbu funksiya atrofidagi xavotirlarga ham aniqlik kiritdi:

Sukut bo‘yicha o‘chirilgan bo‘ladi: ACR, ovozni aniqlash hamda qiziqishlarga asoslangan shaxsiylashtirilgan reklama kabi funksiyalar qo‘shimcha imkoniyatlar hisoblanadi va televizorda avtomatik (standart holatda) yoqilmagan.

Nazorat foydalanuvchi qo‘lida: Mazkur funksiyalarni yoqish yoki o‘chirish to‘liq foydalanuvchining ixtiyorida. Har bir xaridor televizor sozlamalari orqali istalgan vaqtda berilgan roziligini qaytarib olishi mumkin.

Ekrandan rasm yoki video olinmaydi: ACR tizimi faqat audiofingerprinting (ovoz izi) yordamida ko‘rilayotgan kontent turini aniqlaydi. Tizim ekran skrinshotlari, video yozuvlar yoki xonadagi ovozlarni yig‘maydi.

LG xulosasi

LG Electronics foydalanuvchilarning konfidensialligi va shaxsiy daxlsizligini ta’minlash mahsulot ishlab chiqishdagi eng asosiy tamoyillardan biri ekanini ta’kidlab, auditoriyani noaniq va tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslikka chaqiradi. Kompaniya ma’lumotlar xavfsizligi va shaffoflikni doimiy ravishda oshirib borishini ma’lum qildi.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar