09:30 / 23.09.2020
3 266

UzIMEI mojarosi ortidan, tizimda mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi o‘zgardi

UzIMEI mojarosi ortidan, tizimda mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi o‘zgardi
Mobil qurilmalarni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoniga o‘zgartirish kiritildi, deb ma’lum qildi tizim operatori.
Yangi tartib «mobil qurilmalarni begona shaxslarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanib ro‘yxatdan o‘tkazishga chek qo‘yish maqsadida» joriy qilingan.

«Ushbu tartibga ko‘ra, qurilmaning IMEI-kodini/kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan abonent raqami mahalliy mobil operatorlaridan ariza beruvchi nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak», – deyiladi operator xabarida.

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Telegram'dagi kanalida ushbu yangilikka «Yomg‘irdan qochib, do‘lga tutildik», deya munosabat bildirdi.

«Eng avvalo, bu yangi tartib bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qaroriga o‘zgarish kiritildimi? Agar kiritilgan bo‘lsa, nega e’lon qilinmadi? Agar kiritilmagan bo‘lsa, kim bularga huquq berdi, o‘zboshimchalik bilan yangi tartib joriy qilishga?

Ikkinchidan, aholining tinkayi madorini quritayotgan tizimni yaxshilaymiz deb, yana bitta byurokratik yo‘l o‘ylab topishibdi. Chunki juda ko‘pchilik aholimizning ishlatayotgan raqami o‘zining nomida emas, ota-onasining, turmush o‘rtog‘ining, aka-ukasining nomida. Endi ana o‘sha fuqarolar yangi telefon olsa, eng avvalo mobil kompaniyalarga borib, raqamini o‘zining nomiga o‘tkazib olishi kerak bo‘ladi. Aha, rahmat sizlarga, juda va juda xalqqa yengillik yaratib, g‘amxo‘rlik qilayotganlaringiz uchun
», – deya yozdi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

U UzIMEI tizimi propiska rejimini eslatib yuborayotganini aytgan.

«Propiskada ham xuddi shunaqa bo‘lgandi, «lazeyka»larni yopamiz deb, yildan yilga xalqqa cheklovlarni, og‘ir shartlarni va byurokratik to‘siqlarni qo‘shib boraverishgan edi. Bitta maktab, bir xil pocherk.

Shunchaki ma’lumot uchun aytay: Konstitutsiyaga zid va fuqarolarga nisbatan adolatsiz bo‘lgan propiska rejimini bekor qilish uchun 9 yil vaqt ketgandi
», – deya munosabat bildirdi bloger.

Eslatib o‘tamiz, mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi ushbu o‘zgarish jinoiy guruh xorijdan O‘zbekistonga kelayotgan fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanib, ularning nomiga mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazishi voqeasi ortidan ro‘y bermoqda.

Davlat bojxona qo‘mitasi 9 sentabrda ushbu jinoiy guruh fosh etilganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, guruh a’zolari 3 kishidan iborat.

Bojxonachilarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan bu shaxslar qo‘shni davlatlarga o‘tib, u yerda O‘zbekistonga kirib kelayotgan vatandoshlarning pasport ma’lumotlarini telefon yordamida rasmga tushirib, Telegram orqali yuborib, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mobil qurilmalarni UzIMEI tizimi orqali ushbu fuqarolar nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelgan.

Holat yuzasidan jinoiy ish ochilgan.

Ma’lumot uchun, yangi telefonni ishlatgandan boshlab 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazilsa — 44 ming 600 so‘m; yangi telefonni ishlatgandan boshlab 30 kundan keyin ro‘yxatdan o‘tkazilsa — 55 ming 750 so‘m to‘lanishi zarur.

Amaldagi tartibga ko‘ra, yangi telefonning IMEI kodi 30 kun ichida ro‘yxatga olinmasa, telefon ishlamay qoladi. Ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyingina ishlashni boshlaydi. Shu boisdan O‘zbekiston hududida telefon sotib olayotganda uning IMEI-kodi ro‘yxatdan o‘tganini tekshirish kerak.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » UzIMEI mojarosi ortidan, tizimda mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi o‘zgardi