14:41 / 16.09.2021
932

Instagram o‘smirlarga ziyon keltirishini Facebook biladi, ammo buni sir saqlamoqda

Instagram o‘smirlarga ziyon keltirishini Facebook biladi, ammo buni sir saqlamoqda
Foto: Getty Images
Instagram o‘zining yosh foydalanuvchilarining katta qismi uchun, ayniqsa, o‘smir qizlar uchun zararli. Bu haqda Instagram’ga egalik qiluvchi Facebook kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan ichki tadqiqotlar guvohlik bermoqda, deb yozadi Meduza. The Wall Street Journal (WSJ) gazetasi ushbu tadqiqotlar natijalarini qo‘lga kiritdi.

Facebook Instagram’ni 2012 yilda 1 milliard dollarga sotib olgan edi. O‘shanda u kichkina, ammo allaqachon ommalashgan startap bo‘lib, unda 13 kishi ishlagan. Facebook o‘sha yili birinchi marta o‘z ijtimoiy tarmog‘ida yosh auditoriya sonining pasayishiga duch keldi va Instagram’ni o‘smirlarni jalb etish usuli sifatida ko‘rdi. Facebook niqoblar va qisqa videolar kabi urfbop funksiyalarni kiritgan holda, Instagram yoshlar uchun dolzarb bo‘lib qolishda davom etishini nazorat qilib bordi.

Bu harakatlar besamar ketmadi. AQSHda Instagram foydalanuvchilarining 40 foizidan ko‘prog‘i 23 yoshdan kichik. Har kuni ijtimoiy tarmoqqa qariyb 22 million amerikalik o‘smirlar kiradi. Deyarli o‘n yildan buyon yoshlar ulushi ko‘paymayotgan Facebook’ga esa har kuni atigi besh million amerikalik o‘spirin tashrif buyuradi. Ustiga-ustak, bunday foydalanuvchilar Instagram’da Facebook’ga qaraganda 50 foiz ko‘proq vaqt o‘tkazadi, deb yozadi WSJ Facebook’ning ichki hujjatlariga tayanib.

2019—2021 yillarda Facebook Instagram’ning o‘smirlar ruhiyatiga ta’sirini o‘rganib chiqdi. So‘rovlarda ijtimoiy tarmoqning o‘n minglab foydalanuvchilari qatnashdi. Ularning javoblarini Facebook’ning ma’lumotlar tahlili, marketing va mahsulotlar ishlab chiqish sohalaridagi xodimlari o‘rganib chiqdi, ularning ko‘pchiligi psixologiya, informatika va axborot tahlili sohalarida ish tajribasiga ega bo‘lgan. WSJ tadqiqot natijalaridan iborat beshta taqdimotga tayangan bo‘lib, ular o‘z mualliflari tomonidan «o‘smirlarning psixologik salomatligiga chuqur sho‘ng‘ish» deb nomlangan.

Tadqiqotchilar shunday xulosaga keldiki, Instagram’ni uzil-kesil zararli deb aytib bo‘lmaydi. Ijtimoiy tarmoqdan foydalanib, ko‘plab o‘smirlar «salbiy ijtimoiy taqqoslash» effektiga duch keladi (Instagram bilan bog‘liq holatda u TikTok va Snapchat’ga nisbatan kuchliroq, degan xulosaga keldi Facebook’dagilar). Ularning ko‘pchiligi buni amallaydi va Instagram’ni o‘z-o‘zini ifodalash va muloqot usuli sifatida qadrlaydi. Ammo ayrim o‘smirlar — ayniqsa, qizlar va shundoq ham o‘z-o‘zini qabul qilish bilan bog‘liq muammosi bo‘lganlar — «salbiy ijtimoiy taqqoslash» qarshisida ancha zaifdir.

Qizlarning 30 foizi ma’lum qilishicha, ular o‘z qomatlaridan ko‘ngli to‘lmay turgan paytda Instagram ularni yanada yomonroq his qildirgan. O‘ziga ishonchning pasayishi muammosiga o‘g‘il bolalarning 14 foizi ham duch kelgan. So‘rovlardan birida o‘zini chiroyli emas deb his qilishini bildirgan respondentlarning 40 foizi bu hissiyot Instagram tufayli paydo bo‘lganini aytgan. O‘z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar bilan yashashini ma’lum qilgan AQSH va britaniyalik o‘smirlar orasida britaniyaliklarning 13 foizi va amerikaliklarning 6 foizi o‘zini o‘ldirish istagini Instagram bilan bog‘ladi.

Yoshlar ijtimoiy tarmoqni tashvish va depressiyani oshirishda ayblamoqda. Ularning ko‘pchiligi Instagram’da kamroq o‘tirishni xohlagan bo‘lardi, ammo ularga o‘z-o‘zini nazorat qilish qobiliyati yetishmaydi. «O‘smirlarning aytishicha, ular Instagram’da qancha vaqt o‘tkazayotganidan norozi, lekin ular o‘zlarini u yerda bo‘lishi kerak, deb his qiladi. Ko‘pincha ular o‘zlarini Instagram’ga bog‘lanib qolgandek his qiladi va bu o‘zlarining ruhiyatiga yomon ta’sir qilayotganini tushunadi, biroq o‘zlarini to‘xtata olmaydi», — deya ma’lum qildi Facebook tadqiqotchilari.

Instagram foydalanuvchilarining faqat eng yaxshi lahzalar bilan bo‘lishish va benuqson ko‘rinishga intilishi, shuningdek, ijtimoiy tarmoqning «tobelik»ni keltirib chiqarishi o‘smirlarni ovqatlanish tarzining buzilishiga, o‘z qomatini nosog‘lom qabul qilishiga va depressiyaga undashi mumkin, deyiladi 2020 yil martida olib borilgan tadqiqotda. WSJ qo‘lga kiritgan hujjatlarga qaraganda, ushbu tadqiqot natijalari bilan Facebook top-menejerlari, shu jumladan, kompaniya asoschisi Mark Sukerberg ham tanishib chiqqan.

Instagram o‘z foydalanuvchilarining psixologik salomatligiga ta’sir o‘tkazishi G‘arbda anchadan buyon muhokama qilib kelinadi. Ushbu diskussiyalar fonida Facebook Instagram’da layklar sonini yashirish imkoniyatini joriy qildi va ro‘yxatdan o‘tish paytida tug‘ilgan sanasini ko‘rsatishni majburiy qildi (13 yoshdan kichkinalar ro‘yxatdan o‘ta olmaydi). Ayni vaqtda Facebook Instagram’ning o‘smirlar ruhiyatiga ta’siri haqidagi o‘z tadqiqotlari natijalarini e’lon qilmadi va ushbu ta’sirning salbiy jihatlarini ommaga pasaytirib ko‘rsatdi.

«Biz o‘rganib chiqqan tadqiqotlar ko‘rsatishicha, boshqa odamlar bilan muloqot uchun dasturdan foydalanish ruhiy salomatlik uchun ijobiy ta’sirga ega bo‘lishi mumkin», — degan edi Mark Sukerberg 2021 yil martida AQSH Kongressidagi eshituvlarda bolalarning psixologik salomatligi haqidagi savolga javob berar ekan.

Avgustda senatorlar Richard Blyumental va Marsha Blekbern Facebook’ning o‘z platformalarining o‘smirlarga ta’siri haqidagi tadqiqoti natijalarini ko‘rsatishni talab qildi. Facebook «kompaniya ichida oshkora va ochiq dialogga imkoniyat yaratish uchun» bunday ma’lumotlarni sir saqlashini aytib, javob berdi. «Facebook, aftidan, tamaki korporatsiyalaridan namuna olib, potensial xavfli mahsulot bilan o‘smirlarni nishonga oladi va ilmiy ma’lumotlarni ommadan yashiradi», — dedi Blyumental WSJ’ga.

Nashr Facebook’ning ichki tadqiqotlari natijalarini oshkor qilganidan keyin Blyumental va Blekbern Senatning ular rahbarlik qiluvchi iste’molchilar himoyasi, mahsulotlar xavfsizligi va ma’lumotlar butligi kichik qo‘mitasi WSJ maqolasidagi ma’lumotlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazishini bildirdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Texnologiya » Instagram o‘smirlarga ziyon keltirishini Facebook biladi, ammo buni sir saqlamoqda
[/banner_pushhouse