
Ovozning xirillashi, qoʻpollashishi yoki umuman yoʻqolib qolishiga turli omillar sabab boʻladi. Tomoqning yalligʻlanishi, uning toʻqimalarida shishlar paydo boʻlishiga nafaqat OʻRVI balki jismoniy sabablar ham mavjud. Quyida tomoq boʻgʻilib, ovoz xirillashini qanday bartaraf etish kerakligi haqida ma'lumot beramiz.

Foto: “Theday.ru”
Tomoq boʻgʻilishining sabablari
Ovozning xirillab chiqishi yoki umuman yoʻqolib qolishi organizmning kuchli sovuq qotganidandir. Bu holat nafaqat kuz va qish fasllarida, balki issiq mavsumda ham kuzatiladi. Yoz faslida insonlar bexosdan konditsioner yoki elvizak bor joyda ortiqcha vaqt qolib ketadi yoki muzdek devorga suyanib oʻtiradi, natijada shamollash yuzaga keladi.
Yaxna ichimliklar va muzqaymoq iste'mol qilishning tomoq boʻgʻilishiga ta'siri bor. Ovozning xirillab chiqishiga virusli infektsiyalar ham sababchidir. Bunday vaziyatda harorat koʻtariladi, inson oʻzini holsiz his qiladi va yoʻtaladi.
Un paychalarining zoʻriqishi tufayli ham tomoq boʻgʻilishi mumkin. Uzoq monologlar, qoʻshiq aytish, baland ovozda baqirishlar tomoqni boʻgʻadi. Shuningdek, psixologik muammolar, stress va qoʻrquv ham nutqqa ta'sir qiladi.
Tomoqdagi xirillashni qanday bartaraf etish mumkin?

Foto: iStock
Tomoq ogʻrib, boʻgʻilsa va tovush oʻzgarsa, holsizlik kuzatilsa tibbiy muassasaga murojaat qilish zarur. Shifokor tekshiruv oʻtkazgach, kerakli davo muolajalarini buyuradi. Dori-darmonlarni mustaqil ravishda tanlash va qabul qilish mumkin emas. Istisno holatda tomoqni yumshatuvchi va ogʻriqni engillashtiruvchi pastilkalarni shimish mumkin. Bemor faqatgina zarurat yuzasidan gapirishi, un paychalarini zoʻriqtirmaslik uchun imkon boricha qisqa iboralar bilan soʻzlashishi lozim.
Tomoqni issiq tutish — sharf bilan oʻrash, iliq ichimliklar ichish ham ijobiy ta'sir koʻrsatadi. Iste'mol qilinadigan taom va suyuqlik qaynoq boʻlmasligi muhim, chunki oʻta issiq harorat tomoq shilliq pardasini yanada koʻproq bezovta qiladi. Bundan tashqari, xonani tez-tez shamollatish, havo namlantirgichdan foydalanish ham bemorning ahvolini engillashtiradi.
Tomoq boʻgʻilganda xalq tabobatiga murojaat qilish mumkin: dorivor oʻsimliklardan tayyorlangan damlamalar, soda, tuz va suv aralashmasi ham tomoq ogʻrigʻini kamaytiradi.
Shuningdek, ingalyatsiyalar ham ijobiy natija beradi. Shifokor tomonidan buyurilgan turli dorivor oʻtlar va efir moylari, maxsus vositalar bilan nebulayzerda ingalyatsiya qilinadi.
Ovoz pasayganda yoki yoʻqolganda nimalar qilish mumkin emas?
- Spirtli ichimliklar ichish yoki chekish;
- Tomoq ogʻrigʻini asal bilan davolash (asal quruq yoʻtalni keltirib chiqaradi);
- Spirt yordamida tomoqni qizdirish.
Agar ovozingiz xirillab qolganda boʻlsa, unda birinchi navbatdagilarga amal qilish kerak boʻladi:
- Iloji boricha koʻproq iliq suyuqlik iching — choy, sariyogʻli sut, kompot, bulyon;
- Un paychalaringizga dam bering — nafaqat baland ovozda, balki pichirlab ham soʻzlashmang;
- Kuniga ikki-uch marta iliq shoʻr suv bilan tomogʻingizni chaying;
- Xonadagi namlikning optimal darajasiga e'tibor bering — quruq havo ovoz paychalarining dushmani hisoblanadi.
Xirillagan ovoz tez va ogʻriqsiz tarzda kurashish mumkin boʻlgan noxush alomatdir. Shifokorga borishni e'tiborsiz qoldirmang, agar kerak boʻlsa, mutaxassis foniatr bilan bogʻlaning. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar