Miyadagi o‘smani bildirishi mumkin bo‘lgan g‘ayrioddiy belgi ma’lum qilindi

Onkolog, tibbiyot fanlari nomzodi, «Gemotest» laboratoriyasi eksperti Anastasiya Fatyanova miyadagi o‘smaning g‘ayrioddiy belgisi haqida ma’lumot berdi. Shifokor bu haqda «Lenta» nashriga bergan intervyusida aytdi.
Shifokorning ta’kidlashicha, miyadagi yomon sifatli o‘smalarning o‘ziga xos bo‘lmagan belgilaridan biri kayfiyatning keskin o‘zgarishi bo‘lishi mumkin. Uning tushuntirishicha, agar o‘sma miyaning his-tuyg‘ular va o‘zini nazorat qilish uchun mas’ul bo‘lgan qismlarini siqsa yoki zararlasa, insonning xulq-atvori sezilarli darajada o‘zgarishi mumkin.
Masalan, avval ishonchli va vazmin bo‘lgan odam kutilmaganda oldindan aytib bo‘lmaydigan, xotirjam inson esa o‘ta ta’sirchan va beqaror bo‘lib qolishi mumkin. Ilgari ishiga qiziqib yondashgan odam esa birdaniga hamma narsaga qiziqishini yo‘qotib, o‘zini chetga olishi ehtimol.
Shifokorning qayd etishicha, ba’zi hollarda bunday o‘smaga ega insonlar o‘z holatiga tanqidiy baho berish qobiliyatini ham yo‘qotadi. Natijada ular xavfli yoki hatto noodatiy xatti-harakatlar sodir etishi mumkin.
«Ko‘plab bemorlar va ularning yaqinlari keyinchalik tashxis qo‘yilishidan bir necha oy oldin nimadir o‘zgarganini anglab yetadi. Inson avvalgidek bo‘lmay qoladi — jahldor, befarq yoki oldindan aytib bo‘lmaydigan bo‘lib qoladi. Ammo o‘sha paytda bu holat o‘rta yosh inqirozi, ishdagi charchoq yoki yoshlikka xos maksimalizm sifatida qabul qilinadi», — dedi Fatyanova.
Onkolog bunday o‘zgarishlar odatda asta-sekin rivojlanishi va boshqa belgilar bilan birga kuzatilishini ta’kidladi. Masalan, xulq-atvordagi yangi va uzoq davom etadigan o‘zgarishlarga tez-tez bosh og‘rishi, ovqatlanish bilan bog‘liq bo‘lmagan ko‘ngil aynishi va qusish yoki ko‘rish qobiliyatining yomonlashishi qo‘shilsa, salomatlikni tekshirtirish kerak.
Avvalroq meksikalik shifokorlar ham bosh og‘rig‘i miya saratoni belgilaridan biri bo‘lishi mumkinligini aytgan edi. Mutaxassislarga ko‘ra, bosh og‘rig‘i doimiy tus olib, vaqt o‘tishi bilan kuchayib borsa, miyada yomon sifatli o‘sma borligini tekshirish zarur.






























Izohlar 0
…