date

Toshkent metrosida xizmat sifati yangi bosqichga chiqadi

Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, harakat qulayligi va xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi choralar belgilandi. Bu borada «Toshkent metropoliteni faoliyatining samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2030 yilga qadar poytaxt metrosida yo‘lovchi tashish tizimini yangi bosqichga olib chiqish rejalashtirilmoqda. Asosiy maqsadlardan biri — metropolitenda kunlik yo‘lovchilar sonini 1,8 million nafarga yetkazishdir. Bu esa metroning shahar transporti tizimidagi o‘rni yanada ortishini anglatadi.

Shuningdek, 2030 yilgacha metro bekatlari sonini 79 taga, liniyalar umumiy uzunligini esa 103 kilometrga yetkazish ko‘zda tutilgan. Harakat intervalini 2–3 daqiqagacha qisqartirish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bu yo‘lovchilarning bekatlarda uzoq kutib qolishini kamaytirishga xizmat qiladi.

2028 yil yakuniga qadar metro bekatlariga kirish joylari va bekatdan-bekatga o‘tish yo‘laklarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlagan holda vending apparatlari hamda kichik ko‘chma savdo obyektlarini joylashtirish rejalashtirilmoqda. Bu metro infratuzilmasini yanada qulay va zamonaviy qilishga qaratilgan.

Yana bir muhim yangilik — metro stansiyalari oldida avtoturargohlar tashkil etilib, «Park & Ride» tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu tizim orqali shaxsiy avtomobilini maxsus turargohda qoldirgan yo‘lovchilar metro xizmatidan qulay foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Bu tizim doirasida avtoturargohdan foydalanganlarga metro chiptasi uchun chegirmalar berish, shuningdek, avtoturargoh to‘lovini metro chiptasi orqali qoplash mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilgan. Ya’ni odamlar mashinada shahar markazigacha kirib borish o‘rniga, avtomobilni metro yaqinida qoldirib, jamoat transportida harakatlanishga rag‘batlantiriladi.

Bundan tashqari, xususiy tadbirkorlarga metropoliten tonnellari va bekatlarida auksion orqali ijara asosida xavfsiz faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi. Bu metro hududlarida xizmat ko‘rsatish turlarini kengaytirish va qo‘shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qilishi mumkin.

Qisqasi, Toshkent metrosi yaqin yillarda faqat transport vositasi emas, balki zamonaviy, qulay va ko‘p funksiyali shahar infratuzilmasiga aylanishi kutilmoqda. Yo‘lovchi ko‘payadi, bekatlar kengayadi, interval qisqaradi. Metro “tezda yetib olish” rejimiga yanada yaqinlashmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkent metrosida xizmat sifati yangi bosqichga chiqadi