1 iyuldan yangi qoida: YPXga elektron hujjat ko‘rsatsa bo‘ladimi?

2025 yil 1 iyuldan boshlab qator shaxsiy hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish imkoniyati joriy qilingani haqidagi xabarlar ko‘plab haydovchilarda bir savolni tug‘dirdi: YPX xodimi to‘xtatganda hujjatlarni MyGov ilovasi orqali ko‘rsatishning o‘zi kifoyami?
Ushbu masala yuzasidan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) rasmiy izoh berib, amaldagi tartibni tushuntirdi.
Ma’lum qilinishicha, “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tayyorlagan “Raqamli savodxonlik” videolarida 1 iyuldan boshlab pasport, ID-karta, haydovchilik guvohnomasi va boshqa qator hujjatlarning elektron ko‘rinishi rasman tan olinishi, ularni MyGov mobil ilovasi orqali taqdim etish mumkinligi qayd etilgan.
Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 dekabrda qabul qilingan qarori asosida joriy etilgan bo‘lib, raqamli hujjatlar banklar, notarial idoralar, aeroportlar, temir yo‘l vokzallari hamda davlat organlarida qog‘oz hujjatlar o‘rnida qabul qilinadi.
Biroq YHXXning ta’kidlashicha, mazkur yengillik yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan yo‘lda o‘tkaziladigan tekshiruvlarga to‘liq tatbiq etilmaydi.
Rasmiy izohga ko‘ra, transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchi shaxsini tasdiqlovchi biometrik pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini o‘zi bilan olib yurishi va talab qilinganda taqdim etishi shart.
Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka muvofiq, agar haydovchida pasport yoki ID-karta mavjud bo‘lsa, haydovchilik guvohnomasi, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi, ishonchnoma, sug‘urta polisi hamda oynalarni qoraytirishga oid ruxsatnoma kabi hujjatlarni qog‘oz ko‘rinishida olib yurish talab etilmaydi.
YHXX ma’lumotiga ko‘ra, raqamli hujjatlardan to‘liq foydalanish tartibi, asosan, ma’muriy amaliyot markazlari va ro‘yxatdan o‘tkazish hamda imtihon olish bo‘limlarida amal qiladi.
Shu bois, haydovchilarga tushunmovchiliklarning oldini olish uchun safarga chiqishdan avval shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asl nusxasini o‘zlari bilan olib yurish tavsiya etilmoqda.






























Izohlar 0
…